Endi ayblanuvchi yoki sudlanuvchining pasporti amal qilishi to‘xtatib qo‘yilganda, o‘rniga yangi hujjat beriladi

Jamiyat

image

Endilikda O‘zbekistonda sud ajrimi bilan amal qilishi to‘xtatib turilgan pasport o‘rniga yangi pasport berish tartibi joriy qilinadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kecha, 26 yanvar kuni imzolangan PF-6146 farmonida so‘z boradi. Farmon bilan ayrim hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. 

Farmonga ko‘ra, endilikda pasport berish uchun “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonuni bilan belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi (ilgari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorda davlat boji undirilgan).

Farmon bilan, sud ajrimi bilan amal qilishi to‘xtatib turilgan pasport o‘rniga yangi pasport berish tartibi joriy qilinmoqda.

Qidiruvda bo‘lgan ayblanuvchi yoki sudlanuvchi respublika hududida ushlangan taqdirda sud ajrimi bilan amal qilishi to‘xtatib turilgan pasport ichki ishlar organlari yoki chegara nazorati bo‘linmalari tomonidan ma’lumotlarni yig‘ish punktiga yo‘q qilish uchun jo‘natish maqsadida olib qo‘yiladi va unga pasporti olib qo‘yilganligi haqida dalolatnoma beriladi.

Vaqtincha xorijda bo‘lgan pasportining amal qilishi to‘xtatib turilgan ayblanuvchi yoki sudlanuvchi O‘zbekistonga qaytish guvohnomasini olish uchun O‘zbekistonning konsullik muassasasiga murojaat etganda uning pasporti olib qo‘yiladi va unga bu haqida dalolatnoma beriladi. Olib qo‘yilgan pasportni yo‘q qilish uchun Tashqi ishlar vazirligi orqali ma’lumotlarni yig‘ish punktiga yuboriladi.

Sud ajrimi bilan pasportining amal qilishi to‘xtatib turilgan ayblanuvchiga yoki sudlanuvchiga yangi pasport ma’lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan ushbu bandda ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab 10 kun ichida beriladi.

Bunda yangi pasportni olish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

•    belgilangan shakldagi ariza;
•    protsessual majburlov chorasi bekor qilinganligi haqidagi tasdiqlangan qaror nusxasi;
•    davlat boji to‘langanligi haqida kvitansiya.

Sud ajrimi bilan pasportining amal qilishi to‘xtatib turilgan ayblanuvchi yoki sudlanuvchi pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi.

Tergov hibsxonalari yoki vaqtincha saqlash hibsxonalarida saqlanayotgan shaxsga yangi pasport rasmiylashtirish ushbu shaxslar saqlanayotgan joyga borgan holda amalga oshiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident farmoni pasport

Baholaganlar

22

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing