Endi amaldorlar ham jamoat transportida yuradi
Jamiyat
−
23 fevral
12433Endilikda Toshkent shahrida har oyda bir marta “Avtomobilsiz kun” tashabbusi o‘tkaziladi va shu kuni davlat idoralarining rahbarlari jamoat transportida ishga boradi. Bu tartib Prezident Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni bilan belgilab qo‘yildi.
Shavkat Mirziyoyev tomonidan keng jamoatchilik vakillari va ekofaollarning atmosferaga avtomobillar chiqindi gazlarining zararli ta’sirini kamaytirish uchun Toshkent shahrida har oyning bir ish kuni davomida avtomobillar harakatlanishini qisqartirishga qaratilgan loyihasi ma’qullangan. Shu sababdan, endilikda binosi Toshkent shahrida joylashgan barcha respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar va boshqa xodimlari o‘rnak bo‘lish uchun ish joyiga jamoat transportida keladi.
Shuningdek, “Avtomobilsiz kun”da o‘rnatiladigan cheklovlar jamoat transportlari, maxsus va shoshilinch yordam xizmatlariga tegishli bo‘lmaydi.
Ushbu bandning ijrosini ta’minlash uchun Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Transport vaziri Ilhom Mahkamov va Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov mas’ul etib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, ushbu farmon bilan 1 martdan chang bo‘roni sodir bo‘layotganda va atmosfera havosida mayda dispers zarrachalari belgilangan me’yordan yuqori bo‘lgani aniqlanganda aholini ogohlantirish amaliyotini boshlash ham belgilangani xabar qilingandi.
LiveBarchasi