Islohotlar davridagi xatolar uchun amaldorlarni kechirish kerak – Bosh vazir
Olam
−
12:27 838 2 daqiqa
Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Odilbek Qosimaliyev mamlakatda islohotlar vaqtida halol xatolar uchun amaldorlar jinoiy javobgarlikka tortilmasligi kerakligini aytdi. Bu haqda u “Kabar” agentligiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Qosimaliyevning so‘zlariga ko‘ra, islohotlar tezkor qarorlar qabul qilishni talab qiladi, shuning uchun xatolarning oldini to‘liq olish mumkin emas. Eng muhimi, amaldorning harakatlarida korrupsiya yoki shaxsiy manfaatdorlik bo‘lmasligi kerak.
“Hech narsa qilmagan odamgina xato qilmaydi. Inson islohot o‘tkazish jarayonida xato qilishi mumkin. Biroq, agar uning harakatlarida korrupsiya bo‘lmasa, u jinoyatchiga aylanmasligi kerak”, degan Vazirlar Mahkamasi raisi.
Uning ta’kidlashicha, amaldorlar tashabbus ko‘rsatishdan qo‘rqmasligi uchun qonunchilikka tegishli o‘zgartishlar kiritilgan. Qosimaliyevning aytishicha, avval ayrim rahbarlar omadsizlikka uchrasa jinoiy ta’qibga duch kelishdan xavotirlanib, hech qanday o‘zgarish qilmaslikni ma’qul ko‘rgan.
Shu bilan birga, u amaldor uchun eng qabul qilib bo‘lmaydigan sifat yolg‘onchilik ekanini aytgan. Agar rahbar o‘z vazifasini yaxshi bajarmasa, uni ikkilanmasdan lavozimidan ozod qilish kerakligini ta’kidlagan.
Bosh vazir har kuni bir nechta qaror va farmoyishni imzolashini ma’lum qilgan. Hujjatlar elektron shaklda kelishilayotgani uchun ish safarlari paytida ham qarorlar qabul qilish imkoni mavjud. U yuqori ish sur’ati tufayli ayrim qarorlarga keyinchalik tuzatish kiritishga ehtiyoj tug‘ilishi mumkinligini tan olgan. Bunday holatlarda xatolar tezkorlik bilan bartaraf etilishi lozimligini aytgan.
U, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarni shaxsan kuzatib borishini, muammolar haqidagi xabarlarni mas’ul vazirlar va Prezident Administratsiyasi xodimlariga yuborishini bildirgan. Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, u asosli tanqidni qabul qiladi, garchi keskin izohlar ba’zan shaxsan unga og‘ir botsa ham.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vazirlar Mahkamasi raisi Odilbek Qosimaliyev mazkur intervyusida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar va fuqarolarning murojaatlarini muntazam ravishda kuzatib borishini aytgandi.
Live
Barchasi