Elektrsiz qolgan Kubaga “Oskar” to‘foni yopirildi. Qurbonlar bor
Olam
−
22 Oktabr
2898Orol mamlakatning eng yirik issiqlik elektr stansiyasida sodir bo‘lgan avariya tufayli to‘rt kundan beri energiya inqirozini boshdan kechirayotgan Kubaga “Oskar” to‘foni kelib urildi. Oqibatda energiya ta’minoti holati yanada yomonlashdi, 6 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Elektr inqirozi
Kubada joriy yilning 18 oktyabr kuni oroldagi eng yirik hisoblangan Matansasdagi issiqlik elektr stansiyasida favqulodda holat tufayli keng ko‘lamli elektr ta’minoti uzilishi yuz berdi. Oqibatda 10 millionga yaqin odam elektr energiyasiz qoldi.
O‘shandan beri elektr tarmog‘i yana bir necha bor ishdan chiqdi. Bu esa mamlakat infratuzilmasining nochor ahvolini ko‘rsatdi. 19 oktyabr kuni kechqurun Kuba Energetika vazirligi g‘arbiy quyi tizimda yana bir uzilish sodir bo‘lganini ma’lum qildi. 20 oktyabr kuni issiqlik elektr stansiyasi faoliyati tiklandi. Biroq, keyin yana bir nosozlik yuz berdi. Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel 20 oktyabr oqshomida mamlakat milliy televideniyesida chiqish qildi va kubaliklarni mavjud vaziyatga noroziligini intizomli va xushmuomalalik bilan bildirishga chaqirdi.
Kuba Bosh vaziri Manuel Marrero mamlakatda davom etayotgan elektr uzilishi sababli energetika bo‘yicha favqulodda holat e’lon qildi. U va mamlakat Prezidenti Migel Dias-Kanel energetika inqirozida AQSHni ayblab, sanksiyalar va blokadalar kredit va elektr stansiyalari uchun ehtiyot qismlardan foydalanishni cheklayotganini aytdi.
20 oktyabr oqshomida poytaxt Gavana butunlay zulmatda qoldi. Faqatgina ayrim korxonalar, muassasalar va xonadonlar o‘zlarining mahalliy yoqilg‘i generatorlari bilan ishlagan. Gavana chekkasidagi hududlarda bir nechta “Kaserolazo” namoyishlari uyushtirilgan.
“Kaserolazo” Lotin Amerikasidagi ommaviy norozilikning keng tarqalgan shakli bo‘lib, unda odamlar hokimiyat e’tiborini jalb qilish uchun shovqin-suron solish uchun qozon, tova va boshqa idishlarni uradi.
Oziq-ovqat, suv va elektr taqchilligidan g‘azablangan namoyishchilar xavfsizlik kuchlari tomonidan tarqatilgunga qadar shahar chetidagi kambag‘al San-Migel del Padron mahallasida axlat uyumlari bilan yo‘llar to‘sib qo‘yilgan.
Elektr yo‘qligi odamlarni muzlatkichlar, elektr jihozlari, mobil telefonlarini zaryadlash yoki konditsionerlardan foydalanish imkoniyatidan mahrum qilgan. Suv bilan ta’minlaydigan nasos tizimlari ishdan chiqqan va ko‘plab oziq-ovqat ishlab chiqarish korxonalari faoliyati to‘xtab qolgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatning barcha beshta asosiy elektr stansiyalari taxminan yarim asr davomida xizmat ko‘rsatgan. Texas universitetining Kuba elektr tarmog‘i bo‘yicha mutaxassisi Xorxe Pinonning so‘zlariga ko‘ra, ular rejalashtirilgan “umr ko‘rish” muddatidan ancha ko‘proq “yashagan”.
“Oskar” to‘foni
“Oskar” to‘foni Kubaga 20 oktyabr kuni kechqurun yetib kelgan. U sharqiy Guantanamo provinsiyasining Barakoa shahri yaqiniga urilgan. Kuchli shamol (120 km/soat), bo‘ronlar va yomg‘irlar issiqlik elektr stansiyasidagi avariyadan keyin elektr ta’minotini tiklash bilan bog‘liq muammolarni yanada kuchaytirgan. Balandligi 2 metr bo‘lgan to‘lqinlar qirg‘oqqa kelib, Barakoa shahridagi ko‘plab binolarning tomlari va devorlariga zarar yetkazgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 6 kishi halok bo‘lgan.
Hukumat maktablarda o‘qishni 23 oktyabrga qadar bekor qilgan. Bu esa Kubada deyarli misli ko‘rilmagan harakat sifatida ko‘rilgan. Rasmiylarning ta’kidlashicha, faqatgina asosiy ishchilar 21 oktyabr kuni ishga qaytishlari zarur bo‘ladi.
Avvalroq esa Kuba meteorologiya xizmati mamlakat sharqidagi o‘ta xavfli vaziyat haqida ogohlantirgan. AQSH Milliy dovullar markazi esa orolga 120 km/soat tezlikdagi to‘fon yaqinlashayotgani haqida xabar bergan.
To‘fon bugun, 22 oktyabr kuni g‘arb va shimoli-g‘arbga burilib, Bagama orollari tomon yo‘l olishi kutilmoqda. AQSHning Mayamidagi bo‘ronlar milliy markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 21 oktyabr kuni maksimal barqaror shamol tezligi 75 km/soatga yetgan va dovul g‘arbdan janubi-g‘arbga 4 km/soat tezlikda harakatlanmoqda.
Qayd etilishicha, “Oskar” bir hafta ichida Kuba sharqida, ayniqsa Karib dengizi sohilidagi tog‘li Serra-Maestro hududida xavfli suv toshqini va ko‘chkilarga sabab bo‘lishi mumkin.
Mazkur vaziyat fonida beshta davlat mamlakatga yordam taklif qilgan.
“Biz Venesuela, Meksika, Kolumbiya, Rossiya va Barbados hukumatlarining milliy elektr energetika tizimidagi mavjud vaziyatni hal qilish uchun ko‘rsatayotgan sa’y-harakatlarini va zudlik bilan qo‘llab-quvvatlayotganini qadrlaymiz”, deb yozdi Kuba Tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges Parrilya X ijtimoiy tarmog‘ida.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Nigeriyada umummamlakat elektr ta’minotida uzilish kuzatilgan edi. Bu 2024 yildagi sakkizinchi elektr tarmog‘i avariyasi bo‘lib, ulardan uchtasi so‘nggi hafta ichida sodir bo‘lgan.
LiveBarchasi