“Elektrobuslarni quvvatlash uchun ertalabgacha turamiz”. Haydovchilarning muammosi hal bo‘ldimi?
Jamiyat
−
23 avgust 2023
6005Ijtimoiy tarmoqlarda “2-Avtobus saroyi” filiali haydovchilarining elektrobuslarni quvvatlashda yuzaga kelayotgan texnik nosozliklar hamda oylik maoshlari bilan bog‘liq muammolaridan shikoyat qilgan videomurojaati tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati munosabat bildirib, yuqoridagi kamchiliklar hal etilayotganini ma’lum qildi.
Muhokamalarga sabab bo‘lgan videoda 10 ga yaqin haydovchining mas’ullarga murojaat qilib, elektrobuslarni quvvatlashda yuzaga kelayotgan muammolar harakat jadvalidagi tartib va ketma-ketlikning buzilishi va kun yakunida “plan” to‘lmayotganidan arz qilayotganini ko‘rish mumkin.
“Har kuni shunaqa ahvol. Bitta smena ishlayapti, ikkinchisi zapravka qilyapti. Soatlarimiz, muntazamlik buzilgan. Rejalarni bajara olmayapmiz. Kechasi kelamiz, ertalabgacha turamiz”, deydi haydovchilar.
Ma’lum qilinishicha, yuqoridagi muammolarni tezkor bartaraf etish maqsadida “Toshshahartransxizmat” AJ boshqaruv raisi, mutasaddi xodimlari, shuningdek, Idoralararo tezkor shtab a’zolari hamda haydovchilar ishtirokida majlis tashkil etilgan.
“Uchrashuvda haydovchilarni qiynab kelgan muammolar ochiq-oydin tinglanib, ushbu muammolarga tezkor yechim topishda olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi”, deyiladi AJ xabarida.
Haydovchilar videomurojaat e’lon qilinganidan bir kun o‘tib, tizimdagi kamchiliklar birin-ketib hal qilingani, maosh masalasidagi talablar ham qanoatlantirilganini bildirdi.
“Murojaatimizdan keyin ertasi kuni majlis o‘tkazib, boshqa avtoparklardagi “zaryadka“ joylari bizga bo‘lib berildi. Hozir o‘zimizni grafikka ulguryapmiz, zaryadlash uchun ertalabgacha qolib ketmayapmiz. Oylik masalasiga kelsak, shu hafta oxirigacha tushirib berishni va’da qilishdi”, dedi haydovchilardan biri.
LiveBarchasi