So‘z Eron elchixonasiga: sionistlar Eron taraqqiyotiga hasad qildi
Jamiyat
−
24 iyun
959424 iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron va Isroil o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qilgandi. Ammo Eron ham, Isroil ham bu paytda harbiy harakatlarni to‘xtatmagandi. Xususan, Eron Isroilning Bier-Sheva shahriga zarba berayotgandi.
Ma’lum vaqt o‘tib, Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi agarda Isroil harbiy harakatlarni to‘xtatsa, Eron ham javob zarbalarini to‘xtatishini ma’lum qildi. Shundan so‘ng, AQSH Prezidenti Donald Tramp otashkesim rejimi amalda ekanini aytib, tomonlardan mazkur rejimni buzmaslikni so‘radi.
Oradan bir necha soat o‘tib esa Erondan Isroilga raketa uchirilgani, bunga javoban esa Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats Eronga javob qaytarishni buyurgani haqida xabarlar tarqaldi.
Tramp tomonidan otashkesim e’lon qilingan va u buzilgani ham aytilgan 24 iyun kuni Eronning Toshkentdagi elchixonasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. QALAMPIR.UZ ham unda qatnashib, Eron vakillariga mikrofon tutdi.
Anjumanda Eronning O‘zbekistondagi elchixonasi muvaqqat vakili Husayn Parvarish Isroil va AQSHning Eron yadroviy inshootlariga zarba berishida xalqaro tashkilotlar, xususan MAGATEni aybladi.
“Albatta, bu tashkilotlar faqatgina sukut saqlash bilan kifoyalanganda edi, balki vaziyat u darajaga yetmagan bo‘lardi. Ammo ular faqat sukut saqlamadi, balki buning aksini qildi. Masalan, MAGATE tashkiloti oxirgi 15 kun davomida o‘zining turli hisobotlari, asoslanmagan, aniq dalillari keltirilmagan turli bayonotlari bilan Isroil va AQSHning Erondagi ob’ektlarga tajovuzi uchun zamin yaratdi”, dedi u.
Eron vakilining aytishicha, AQSH va Isroilning muammosi Eronning yadroviy inshootlari emas, balki bir necha 10 yillar davomida qo‘llanilgan keskin xalqaro sanksiyalarga qaramasdan, Eron Islom Respublikasi turli sohalarda, jumladan ilm-fan, sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa turli yo‘nalishlarda katta yutuqlarga erishganidir.
“Ularning asosiy maqsadi Eronning yadroviy dasturi emas, uning mana shu yutuqlarga erishayotgani”, dedi u.
Shuningdek, elchixona vakili AQSH Prezidenti Donald Trampni ham qoralab, u nafaqat xalqaro huquq normalari va Eron Islom Respublikasiga, balki Tramp uchun ovoz bergan Amerika xalqining o‘ziga ham xiyonat qilganini aytdi.
“Esingizda bo‘lsa, Tramp saylovlar paytida asosan tinchlik o‘rnatish g‘oyalari bilan saylovchilar ovozini o‘ziga jalb qilgan edi. Ya’ni saylovchilar u tinchlik keltiradi deb ishonib, unga ovoz bergan edi. Biroq u prezidentlikka kirishiboq, tinchlik o‘rnatishga emas, yangi urush o‘choqlarini ochishga harakat qildi.
Tramp saylovoldi kampaniyasi paytida Ukraina-Rossiya urushini tezroq tugatishga, G‘azodagi qirg‘inni to‘xtatishga va albatta, Eron yadroviy dasturi bilan bog‘liq muammoni bartaraf qilishga va’da bergan edi. Lekin har uchala masala bo‘yicha nima hodisalar bo‘lganiga o‘zingiz e’tibor bering. Ukraina-Rossiya urushi battar avj oldi, G‘azo qirg‘ini undan battar bo‘ldi va Eron yadroviy dasturi bilan bo‘lgan vaziyatni ham ko‘rib turibsiz”, dedi Husayn Parvarish.
U Eron Isroil bilan duch kelayotgan muammo faqatgina Eronning muammosi emasligi, bu butun xalqaro hamjamiyatning muammosi ekanini, chunki Isroil nafaqat Eron Islom Respublikasi huquqlarini, umuman xalqaro huquq va mezonlarni buzib, bu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatuvchi barcha xalqaro tashkilotlarning obro‘-e’tiborini sariq chaqaga olmasdan harakat qilayotganini qo‘shimcha qildi.
“Xalqaro hamjamiyat keyinchalik Isroil va AQSHning ushbu bir tomonlama harakatlari shunday mojarolar doirasini yanada kengaytirmasligi, bu mojarolar domiga yangidan-yangi davlatlarni tortmasligi, huquqlar bepisandlik bilan buzilmasligi uchun birgalikda harakat qilishi va bunday harakatlarni qoralashi lozim deb hisoblayman”, dedi u.
Bundan tashqari, diplomat Isroil va Amerikaning Eronga qarshi amalga oshirgan agressiyasiga nisbatan keskin reaksiya ko‘rsatilganini qayd etdi.
“Ushbu javobimiz chog‘ida shu narsa ko‘rindiki, bugungi kunda Eron Islom Respublikasi zamonaviy qurollarning ma’lum bir turi bilan cheklanmay, o‘zimizga qarshi bosqinga nisbatan aralash, bir necha tarkibli qurollar bilan, bir necha tarkibli javob choralari bilan o‘zimizni mudofaa qilishga qudratimiz yetadi”, dedi u.
LiveBarchasi