Ekvadorda 500 kishi yana Prezident kortejiga hujum qildi
Olam
−
08 Oktabr 2025 3912 2 daqiqa
Ekvador Prezidenti Daniel Noboaning korteji namoyishchilar tomonidan yana toshbo‘ron qilindi. Bu haqda mamlakat Prezident Administratsiyasining X sahifasida xabar berildi.
Voqea kecha, 7 oktyabr kuni mamlakatning markaziy qismida joylashgan Kanuar provinsiyasida yuz bergan.
Mamlakat Ekologiya vaziri Ines Manzanoning ma’lum qilishicha, Noboa suvni tozalash inshootining ochilish marosimiga yo‘l olayotganida yuzlab namoyishchilar kortejni o‘rab olgan.
“Taxminan 500 kishi kelib, kortejga tosh otdi. Prezident mashinasida esa, ko‘rinishidan o‘q izlari bor”, degan vazir.
Prezident Administratsiyasi hujumga uchragan mashinalar suratlarini va voqea paytida avtomobildan olingan videoni e’lon qilgan. OAV xabarlariga ko‘ra, hujum bo‘yicha kamida besh kishi hibsga olingan. Ular “terrorizm” va “qotillikka suiqasd” moddalari bo‘yicha javobgarlikka tortiladi.
Ekvadorda namoyishlar sentyabr o‘rtalaridan beri davom etmoqda. Namoyishlarga hukumatning dizel yoqilg‘isiga berilayotgan subsidiyalarni bekor qilish haqidagi qarori sabab bo‘lgan. Bu qaror oqibatida yoqilg‘i narxlari keskin oshgan. Hukumat bu chora davlat xarajatlarini kamaytirish, yoqilg‘i kontrabandasiga qarshi kurashish va ijtimoiy dasturlarga mablag‘ ajratish maqsadida qabul qilinganini bildirgan.
Namoyishlar ko‘p marta politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketgan, kamida bir fuqaro halok bo‘lgan. Hukumat tartibsizliklarni giyohvandlik kartellari uyushtirayotganini aytib, hokimiyat vakillariga uyushtirilgan hujumlarni terrorchilik aktlari sifatida baholagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Noboaning korteji toshbo‘ron qilingan edi. O‘sha vaqtda Prezident mashinasida Vatikan vakili va Yevropa Ittifoqi elchisi ham bo‘lgan, ammo hech kim jarohat olmagan.
37 yoshli Daniel Noboa 2023 yilning oktyabridan beri Ekvador Prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda. U 2025 yil apreldagi saylovlarda ham g‘alaba qozonib, vakolat muddatini mustahkamladi.
Live
Barchasi