Ekvadorda bir uydan kuydirilgan 7 nafar jasad topildi

Olam

image

Ekvadorning janubidagi Kanyar viloyatida joylashgan La-Tronkal shahridagi uydan kuydirilgan 7 nafar jasad topildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu qotillikni jinoiy to‘dalar o‘rtasidagi hudud uchun kurash bilan bog‘lamoqda. Bu haqda “CBS News” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, jasadlar joriy yilning 29 iyul kuni qishloq hududidagi xonadonlardan birida topilgan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, qurbonlarning ikki nafari sim bilan bog‘langan holda bo‘lgan. Uy tashqarisida esa yonib ketgan avtomobil topilgan.

Qayd etilishicha, halok bo‘lganlarning yoshi 21–30 oralig‘ida bo‘lgan. Tergovchilar voqea jinoiy guruhlar o‘rtasidagi qarama-qarshilik natijasi bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar uy devorlarida “Bo‘rilar hududi” va “Bo‘rilar faol” mazmunidagi yozuvlar qoldirilganini ma’lum qilgan. Bu yozuvlar mamlakatdagi eng yirik jinoiy to‘dalardan biri “Los Lobos” (“Bo‘rilar”) bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Mazkur guruh giyohvand moddalar savdosi va tovlamachilik bilan shug‘ullanishi, shuningdek, Meksika va Kolumbiya kartellari bilan aloqadorligi aytilmoqda.

O‘tgan oy Ekvadorning janubi-g‘arbida ham paketlarga solingan 8 nafarning jasadi topilgan edi. O‘sha voqea joyida qoldirilgan xatda qurbonlar “Los Lobos” jinoiy to‘dasi tomonidan raqib “Los Choneros” guruhiga qarshi kurash doirasida o‘ldirilgani haqida ma’lumot bo‘lgan.

So‘nggi yillarda Ekvador Janubiy Amerikaning nisbatan xavfsiz davlatlaridan biri maqomidan kokain tranziti markazlaridan biriga aylandi. Mamlakatda jinoiy to‘dalar faolligi keskin kuchaygan bo‘lib, 2025 yilda 9,2 mingdan ortiq zo‘ravonlik bilan bog‘liq o‘lim holati qayd etilgan. Hozirda mamlakatda uyushgan jinoyatchilikka qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiyalar davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nigeriyaning Kaduna shtatida qurolli shaxslar qishloqqa hujum qilishi oqibatida kamida 30 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing