Telefonga chalg‘igan 7 yashar bola metro relsiga tushib ketdi (video)

Olam

image

Chexiya poytaxti Pragada 7 yashar bola telefonga qarab yurayotgan vaqtda metro relsiga tushib ketdi. Uni poyezd yetib kelishidan bir necha soniya oldin boshqa bir yo‘lovchi qutqarib qoldi. Bu haqda Chexiya Respublikasi politsiyasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, hodisa 2 sentyabr, o‘quv yilining birinchi kuni soat taxminan 18:00 da “Muzeum” metro bekatida sodir bo‘lgan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, oila a’zosi hamrohligida bo‘lgan bola telefoniga qarab ketgani sababli perron chetidan relslar tomon yurganini payqamagan.

Oqibatda bola to‘satdan relslar ustiga tushib ketgan. Shu vaqtda bir nafar xorijlik yo‘lovchi uni qutqarish uchun relsga sakragan. Boshqa yo‘lovchilar ham yordam berib, bolani bir necha soniya ichida perronga olib chiqqan.

Bolaning qutqarilishida metro perroni chetida joylashgan favqulodda to‘xtatish tugmasi bosilgani ham muhim ahamiyat kasb etgan. Bu orqali yaqinlashayotgan poyezd harakatini to‘xtatishga erishilgan. Politsiya yetib kelganidan so‘ng bola tanasidagi yengil jarohatlar bilan tez yordam xodimlariga topshirilgan va shifoxonaga olib ketilgan.

Chexiya politsiyasi ushbu voqea ortidan bolalarni metro va temiryo‘l hududlarida telefon yoki quloqchindan foydalanishda ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. Qisqa muddatli e’tiborsizlik ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bangladeshda ota o‘z tanasi bilan relsga tushib ketgan farzandini himoya qilib, uning hayotini saqlab qolgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing