Ekologiyaga zarar yetkazganlarni javobgarlikka tortadigan organlar soni ortdi
Jamiyat
−
12 iyul 2023
5364Endilikda Milliy gvardiya va ichki ishlar organlari ekologiya sohasidagi ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqadi. Bu bugun, 11 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Ekologiya va jamoat tartibini saqlash sohalaridagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan.
Keltirilishicha, “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi hamda “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunlarga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Milliy gvardiya hamda ichki ishlar organlari ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohadagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha choralar ko‘rishi belgilandi.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida huquqbuzarliklar sodir etgan aybdor shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha Milliy gvardiya va ichki ishlar organlariga vakolatlar berishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritildi.
Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach, kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Senatning qirq birinchi yalpi majlisida “Ekologiya va jamoat tartibini saqlash sohalaridagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullangandi.