Efiopiyalik 20 nafar futbolchi Shvetsiyada bedarak yo‘qoldi

Sport

image

Efiopiya yoshlar futbol jamoasining qariyb 20 nafar a’zosi Shvetsiyaning Gyoteborg shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro turnirida ishtirok etganidan so‘ng bedarak yo‘qoldi. Bu haqda Shvetsiya politsiyasiga tayanib, SVT xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, guruh 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar hamda bir yoki bir nechta katta yoshli hamrohlardan iborat bo‘lgan. Turnirning so‘nggi kuni – joriy yil 18 iyulda jamoa joylashgan akademiya rahbariyati ularning ogohlantirmasdan ketib qolganini aniqlagan.

Shundan so‘ng, turnir tashkilotchilari politsiyaga murojaat qilgan. Tekshiruvlar davomida jamoa a’zolari Efiopiyaga qaytmagani ma’lum bo‘lgan. Hozircha ularning qayerda ekani noma’lum bo‘lib qolmoqda. Qidiruv ishlari Shvetsiyadan tashqarida ham davom ettirilmoqda.

Avvalroq, vataniga qaytgan jamoa vakillaridan biri tashkilotchilarga yo‘qolgan futbolchilar oilalari bilan aloqada ekani va ularning ahvoli yaxshi ekanini bildirgan.

“Bu holat ortida odam savdosi yoki shunga o‘xshash boshqa jinoyat turganini ko‘rsatuvchi hech qanday alomat yo‘q”, deydi Shvetsiya politsiyasi vakili Ellinor Xalldin.

Tergovchilarning fikricha, guruh ixtiyoriy ravishda yo‘qolgan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, politsiya ularning noqonuniy migratsiya maqsadida Shvetsiyada qolib ketgani haqidagi taxminlarni hozircha tasdiqlamagan.

Ma’lumot uchun, ushbu xalqaro turnir joriy yilning 12-18 iyul kunlari Gyoteborg shahrida bo‘lib o‘tdi. Musobaqada 78 mamlakatdan 1956 ta jamoa ishtirok etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq marafon bo‘yicha Janubiy Amerika rekordchisi, braziliyalik Daniel Ferreyra Braziliyaning San-Paulu shtatida bedarak yo‘qolgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing