Eboladan o‘lganlar soni 600 dan ortdi
Olam
−
09 iyul 760 2 daqiqa
Kongo Demokratik Respublikasida Ebola virusi yangi hududga tarqalayotgani qayd etildi. Mamlakatning yangi provinsiyasida Ebolaga gumon qilingan holatlar aniqlanib, qurbonlar soni 600 nafarga yetdi. Bu haqda hukumatning kecha, 8 iyul kuni kechasi e’lon qilingan so‘nggi epidemiologik hisobotida aytildi.
Ma’lum qilinishicha, 15 may kuni rasman e’lon qilingan epidemiya shu paytga qadar mamlakatning sharqiy qismidagi Ituri, Shimoliy Kivu va Janubiy Kivu provinsiyalarida 1 759 kishiga yuqqan. Biroq hisobotda qayd etilishicha, mazkur raqamlarga Kongoning yirik shaharlaridan biri bo‘lgan Tshopo provinsiyasi markazi Kisanganida aniqlangan ikki holat kiritilmagan.
Ushbu ikki holatdan biri Ebolaning dastlabki o‘chog‘i hisoblangan Ituri provinsiyasidagi Nianiya tibbiy hududi bilan bog‘liq. Ikkinchi holat esa Kisanganidan tashqari hech qanday geografik bog‘liqlikka ega emasligi aytilmoqda.
Hisobotga ko‘ra, ushbu ijobiy tahlil natijalari hozirda tasdiqlovchi laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazilmoqda. Tasdiqlanganidan keyin ular rasmiy kasallanishlar statistikasiga qo‘shiladi.
Shu bilan birga, Kisanganida kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida kuzatuv ishlari, muloqotda bo‘lgan shaxslarni aniqlash va boshqa cheklov choralari kuchaytirilgan.
8 iyul kuni kechasi e’lon qilingan hisobotda so‘nggi 24 soat ichida 51 ta yangi kasallanish holati va 20 ta o‘lim qayd etilgani ma’lum qilingan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti esa bu hafta epidemiya hali barqarorlashmaganini va aholining ko‘chib yurishi virus tarqalishini kuchaytirayotganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongo Demokratik Respublikasida (KDR) Ebola bezgagi tufayli tasdiqlangan o‘lim holatlari soni bir sutkada 14 taga ko‘payib, 506 nafarga yetgan edi.
Live
BarchasiGaitida samolyot dengizga qo‘ndi
10 iyul