Ebola bilan kasallanganlar soni mingdan oshdi
Olam
−
22 iyun 1023 2 daqiqa
Kongo Demokratik Respublikasining sharqida davom etayotgan Ebola epidemiyasida tasdiqlangan kasallanish holatlari soni 1 003 nafarga yetdi. Ulardan 254 nafari vafot etgan. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Kongo Sog‘liqni saqlash vazirligining xabariga ko‘ra, joriy yilning 15 may kuni e’lon qilingan epidemiya boshlanganidan buyon 100 nafar bemor sog‘aygan. Hozirda kamida 365 kishi shifoxonalarda davolanmoqda yoki izolyatsiyada saqlanmoqda.
Rasmiylarning aytishicha, aniqlanmagan holatlar soni bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin va epidemiyaning eng yuqori cho‘qqisi hali oldinda. Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, kasallanganlar bilan aloqada bo‘lganlarni aniqlash ishlari asosiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Hozircha kuzatuv darajasi atigi 55 foizni tashkil etgan.
Qayd etilishicha, kasallikni Bundibugyo virusi keltirib chiqargan bo‘lib, unga qarshi hozircha tasdiqlangan vaksina yoki davolash usuli mavjud emas. Bir oydan ortiq vaqt o‘tganiga qaramay, mutaxassislar kasallik tarqalishi unga qarshi kurash choralaridan tezroq kechayotganini va epidemiyaning haqiqiy ko‘lami hali noma’lumligini ta’kidlamoqda.
Afrika Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi bosh direktori doktor Jan Kaseyaning aytishicha, Ebola epidemiyasini nazorat qilish uchun avvalo birinchi bemorni aniqlash zarur.
“Agar siz epidemiyani, ayniqsa Ebola epidemiyasini nazorat qilmoqchi bo‘lsangiz, kasallikning ilk manbasini bilishingiz kerak. Biz bu epidemiya qachon boshlanganiga ishonch bilan javob bera olmayapmiz”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yapon olimlari tomonidan o‘tkazilgan matematik modellashtirish natijalariga ko‘ra, Afrikada Ebola virusini yuqtirgan shaxslar 30 kun ichida yuqori ehtimol bilan Yevropa va Osiyoning yirik tranzit aeroportlariga yetib borishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi