Yaponiyalik olimlar Ebola Yevropaga va Osiyoga qachon yetib borishini aytdi
Olam
−
16 iyun 37654 2 daqiqa
Yaponiyalik olimlar tomonidan o‘tkazilgan matematik modellashtirish natijalariga ko‘ra, Afrikada Ebola virusini yuqtirgan shaxslar 30 kun ichida yuqori ehtimol bilan Yevropa va Osiyoning yirik tranzit aeroportlariga yetib borishi mumkin. Bu haqda medRxiv portalida e’lon qilingan Ryo Kinosita, Motoi Sudzuki va Daysuke Yoneekining tadqiqotiga tayanib, “Izvestiya” gazetasi xabar berdi.
Tadqiqot Kongo Demokratik Respublikasi va Ugandadan virus tashuvchilari foydalanishi mumkin bo‘lgan aviatsiya yo‘nalishlari tahliliga asoslangan. Olimlar fikricha, bir oy ichida virus yuqtirgan shaxslar Belgiya, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Turkiya kabi yirik xalqaro transport markazlariga yetib borishi mumkin.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, eng salbiy ssenariyda Belgiyada virus yuqtirgan yo‘lovchining aniqlanish ehtimoli 92 foizni, Fransiyada 91 foizni, BAAda 88 foizni, Turkiyada esa 86 foizni tashkil etadi.
Yaponiyalik olimlar o‘z modeliga 11 264 ta aeroport, 569 741 ta aviayo‘nalish va taxminan 330 million yo‘lovchi haqidagi ma’lumotlarni kiritgan. Tadqiqotda ta’kidlanishicha, mazkur dastlabki prognozlar xalqaro vaziyatni tezkor kuzatish uchun asos yaratadi, biroq virus yuqtirgan shaxsning mamlakatga kirib kelishi infeksiya keyinchalik tarqalishini anglatmaydi.
Tadqiqotga munosabat bildirgan Rossiya Fanlar akademiyasining A.A. Xarkevich nomidagi Axborot uzatish muammolari instituti yetakchi ilmiy xodimi Aleksandr Sokolovning ta’kidlashicha, agar modeldagi asosiy shartlar keskin o‘zgarmasa, hisob-kitoblar kelgusi davr uchun ham dolzarb bo‘lib qoladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongo Demokratik Respublikasida Ebola virusi epidemiyasi fonida shifokorlarning ish tashlashi boshlangani haqida xabar berilgan edi. Tibbiyot xodimlari ish haqini oshirish, mehnat sharoitlarini yaxshilash va sog‘liqni saqlash sohasiga investitsiyalarni ko‘paytirishni talab qilmoqda.
Live
Barchasi