“Ehtimol ularni qo‘llovchi ”kattalar“ bor”. Kusherboyev Quyi Chirchiqda daraxtlar yoqib, yo‘q qilinayotganini aytdi

Jamiyat

image

Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumani, Surum mahallasi hududidagi daraxtzorlar yoqib, yo‘q qilinmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Ekologiya va atrof muhitni muxofaza qilish davlat qo‘mitasi Jamoatchilik kengashi a’zosi Rasul Kusherboyev ma’lum qildi.

Deputatga ko‘ra, O‘rmon xo‘jaligiga qarashli bo‘lgan ushbu yer maydoni 2019 yili tuman hokimligi zaxirasiga olingan.

“Shundan so‘ng noqonuniy ravishda daraxtlar turli yo‘llar bilan yoqilib, sun’iy yaroqsiz holga keltirilgan. So‘ng maydondan shag‘al olinib, pullanmoqda. Zo‘r usul.

Taxminimizcha daraxtkushlar tomonidan shu kunga qadar ikki yuzga yaqin qimmatbaxo daraxtlar yo‘q qilingan.

Achinarlisi bu ishlar aynan "moratoriy" davrida sodir etilishiga qaramay mas’ul tashkilotlar vaziyatni jim kuzatib turibdi. Katta ehtimol bilan daraxtkushlar ortida ularni qo‘llovchi "kattalar" bor...”, deydi Kusherboyev.

U Prezidentning qonun ustuvor jazo muqarrar, degan da’vatidan kelib chiqib, mas’ul idoralar, shu jumladan ekologiya prokuraturasidan masalani tezkor o‘rganib, chora ko‘rishini so‘ragan.

Moratoriy o‘rnatilganiga qaramay, daraxtlarni nobud qilish holatlari ko‘plab uchramoqda.

Avvalroq, Andijon viloyatining Asaka tumanida 10 ga yaqin ko‘p yillik daraxt kesib tashlangani haqida xabar bergan edik. Mazkur holat oqibatida tabiatga 18 mln 360 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Shuningdek, joriy yilning 15 yanvar kuni Andijon viloyati perinatal markazida 12 ta daraxt kesib tashlangan edi. Bunday topshiriq shaxsan viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov tomonidan berilgani aytilgandi. Ammo prokuratura Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i G‘.Sh.ga nisbatan jinoyat ishi ochdi.

Bundan tashqari, Qarshi davlat universitetida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan rad javobi berilganligiga qaramasdan jami 38 tup daraxt noqonuniy kesilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 30 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingandi. Farmon bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

daraxt

Baholaganlar

58

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing