Uzumdan archa, qovundan tog‘. Dushanbedagi sammitdan fotoreportaj
Olam
−
15 Sentabr 2023
15270Kecha, 14 sentyabr oqshomida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon beshinchi Maslahat uchrashuvi ishtirokchilari bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari uchun “Do‘stlik oqshomi” tashkil qildi. Bu haqda “Xovar” nashri xabar berdi.
“Do‘stlik oqshomi”da Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ishtirok etdi.
Prezidentlar hukumat dachasida kechki sayrga chiqqan va “jannatmonand zamin”ning tabiiy boyliklari ko‘rgazmasini tomosha qilgan. Ko‘rgazmada meva-sabzavot, quritilgan mevalar, asal va boshqa tabiiy ne’matlar namoyish etilgan.
Alohida yo‘laklarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining har bir turi turli shakl, uslub va dizaynda taqdim etilgan.
Shuningdek, yetakchilar “Ko‘hi Borbad” saroyida mintaqa mamlakatlarining san’at ustalari ishtirokidagi konsert dasturini ham tomosha qilgan.
Tadbirlar dasturi “EKSPO Markaziy Osiyo 2023” ko‘rgazmasi bilan davom etgan. U yerda Prezidentlarga mintaqada ishlab chiqarilayotgan asosiy turdagi mahsulotlar namoyish etilgan.
Ko‘rgazmadan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston mahsulotlari ham joy olgan. Ekspozitsiyaning umumiy maydoni 1800 kvadrat metrdan ortiq.
Tanishuv yakunida davlat rahbarlari mutasaddilarga o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.
Biroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov mazkur tadbirlarda ko‘rinish bermadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u allaqachon Bishkekka qaytib ketgan.
Markaziy Osiyoning qolgan yetakchilari esa Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlarining kengashi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Dushanbeda qolgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 14 sentyabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tagan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Norin daryosi va Sirdaryoning suv-energetika resurslaridan foydalanish bo‘yicha taklifni ilgari surgandi. Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov esa uning mamlakati Markaziy Osiyo davlatlariga yoki ular orqali boshqa mamlakatlarga gaz va elektr energiyasi yetkazib berishga tayyor ekanini aytgan edi. Sammitga raislik qilayotgan Imomali Rahmon esa Tojikiston qulay tranzit zonaga aylanishni rejalashtirayotganini bildirgandi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa 6 ta taklifni ilgari surdi.
LiveBarchasi