Dushanbedagi “blekaut”ning sababi ochiqlandi
Olam
−
04 mart
9805Joriy yilning 1 mart kuni Tojikiston poytaxti Dushanbeda elektr ta’minoti uzilganining sababi respublika yuqori voltli elektr tarmoqlaridagi avariya bo‘lib chiqdi. Bu haqda “Dushanbe shahar taqsimlash tarmoqlari” OAJ vakili Parviz Qutbiddinov “Dushanbe” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, avariya magistral liniyada sodir bo‘lgan, bu esa mamlakatning butun elektr energetika tizimining faoliyati to‘xtashiga olib kelgan.
“Favqulodda vaziyat kuchli sovuq va qor yog‘ishi oqibatida elektr energiyasi iste’molining bir necha barobar ortishi sabab sodir bo‘lgan. Oqibatda tizimdagi elektr uzatish liniyalari bosimga bardosh bera olmadi, ayrim hududlarda esa nosoz holatga keldi”, deydi energetik.
Qutbiddinovning ta’kidlashicha, avariya oqibatlarini bartaraf etish va mamlakatning energiya ta’minotini tiklash uchun ikki soatdan ko‘proq vaqt ketgan. Shuningdek, ushbu davrda elektr energiyasi yo‘qligi poytaxtda issiqlik ta’minotining to‘xtatilishiga sabab bo‘lgan, chunki issiq suv isitish tizimiga elektr energiyasidan foydalangan holda ishlaydigan nasos stansiyalari orqali yetkazib beriladi.
“Bunday holatlar har qanday davlatning energetika tizimida, hatto dunyoning rivojlangan davlatlari tizimida ham noodatiy tabiat hodisalarida yuzaga keladi. Kelajakda bunday holat takrorlanmasligi uchun energetika sohasi elektr energiyasi tanqisligi davrida tejamkorlik bilan foydalanish kerak”, deydi Qutbiddinov.
Shu bilan birga, u mamlakatda elektr energiyasini iste’mol qilish chegarasi mavjudligini qat’iyan rad etdi va shaharning ayrim hududlarida elektr energiyasining davriy uzilishlarini tizimdagi bosim ortib borayotgan sharoitda infratuzilmani saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan majburiy choralar ekanini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, 1 mart kuni soat 11:10 da Tojikistonning deyarli barcha hududi, jumladan, poytaxt elektr ta’minotisiz qolgan edi. Buning ortidan suv, isitish va hatto aloqa uzilishi ham kuzatilgandi.
LiveBarchasi