Durov Qozog‘istonda bolalarni o‘qitish uchun 350 ming dollar ajratdi
Bu qiziq
−
16 avgust
2423Telegram va VKontakte asoschisi Pavel Durov Qozog‘istonning chekka hududlaridan kelgan kam ta’minlangan 12 nafar iqtidorli bolaning IQanat maktabida ta’lim olishi uchun 350 ming dollardan ortiq mablag‘ ajratdi. Bu haqda “Tengrinews” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Pavel Durov yaqinda Qozog‘istonga qilgan safari chog‘ida iqtidorli bolalar uchun mo‘ljallangan IQanat maktabiga tashrif buyurgan. Maktabning rahbari Aydin Rahimboyev Durov ushbu maktabni ilk bor Google xaritasida ko‘rib qolgani va unga tashrif buyurishni xohlaganini bildirgan.
“Ma’lum bo‘lishicha, Pavel bizning maktabimizni Google xaritasida ko‘rib qolgan va tashrif buyurishni xohlagan. U o‘quv jarayonining tafsilotlari, olimpiadalarda o‘n minglab qishloq bolalari orasidan eng yaxshilari qaysi formatda saralab olinayotgani haqida so‘radi. Oddiy qishloq bolalari o‘quv yili davomida qanchalik o‘zgarib, kuchli bilimga ega bo‘lishi, so‘ngra eng yaxshi universitetlarga o‘qishga kirishini bilganidan so‘ng o‘qish haqini to‘lashga qiynalayotgan o‘quvchilarga o‘zi homiylik qilishini taklif qildi”, deb yozadi Oydin Rahimboyev Facebook’dagi sahifasida.
Nashrga ko‘ra, mablag‘ o‘qish, xona, ovqat, kitoblar va boshqa xarajatlarni qoplaydi. Bu esa bolalar ta’limini yaxshilash va muvaffaqiyatga erishish imkonini beradi. Grant asosan katta va kam daromadli oilalarga mo‘ljallangan. Pavel Durov har bir bolaning tarixi, qayerda yashashi, qanday muvaffaqiyatlarga erishgani haqida shaxsan tanishib chiqqan va 12 nafar o‘smirni saralab olgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyun oyida Pavel Durov Toshkent, Buxoro va Samarqandga kelgandi.
LiveBarchasi