Dunyodagi qochqinlar soni rekord darajaga yetdi – BMT
Olam
−
16 iyun 2022
3981Yer yuzida qochqinlar soni 100 million kishidan oshdi. Bu haqda bugun, 16 iyun kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi tarqatgan bayonotda keltirilgan.
BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2021 yil oxiriga kelib, urush, zo‘ravonlik, ta’qib va inson huquqlari buzilishidan qochganlar soni 89,3 million kishiga yetgan, bu o‘n yil avvalgi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir.
“O‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lganlar soni so‘nggi o‘n yil ichida ortib bordi va ro‘yxatga olish boshlanganidan beri eng yuqori darajaga yetdi. Ba’zi taraqqiyot belgilariga qaramay, majburiy ko‘chirilish sur’ati va ko‘lami qochqinlar uchun yechim topishni qiyinlashtiradi”, deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yirik ko‘chmanchilik inqirozlaridan biriga sabab bo‘lgan. Xususan, 24 fevraldan beri 14 million ukrainaliklar o‘z uylarini tashlab, boshqa xavfsiz hududlarga qochib ketgan. Natijada qochqinlar armiyasi paydo bo‘lgan.
“So‘nggi o‘n yil ichida bu raqamlar har yili ortib bormoqda. Yoki xalqaro hamjamiyat birlashib, mojarolarni hal qilish va barqaror yechimlarni topish uchun chora ko‘radi yoki bu dahshatli tendensiya davom etadi”, deydi BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari Filippo Grandi.
Tashkilot hisob-kitoblarida keltirilishicha, 2021 yil oxiri holatiga ko‘ra, past va o‘rta daromadli davlatlar dunyodagi qochqinlarning 83 foizini qabul qilgan.
LiveBarchasi