O‘zbekistonda ish joyidagi tazyiq, zo‘ravonlik va kamsitishga qarshi milliy dastur boshlandi
Jamiyat
−
20:57 4818 2 daqiqa
O‘zbekistonda xodimlarning huquq va qadr-qimmatini himoya qilish, ish joylarida tazyiq, zo‘ravonlik va kamsitishning oldini olishga qaratilgan Milliy dasturni amalga oshirish boshlandi. Toshkentda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va rivojlanish bo‘yicha hamkorlarning 70 ga yaqin vakili ishtirokida dasturni amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining maslahatchisi, Inson kapitalini rivojlantirish loyihalar ofisi bosh koordinatori Nozimaxon Davletova har bir tashkilotda o‘zaro hurmat madaniyatini shakllantirish muhimligini ta’kidladi.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan islohot tufayli biz har bir insonga, erkak yoki ayol bo‘lishidan qat’i nazar, institutlararo hurmatni shakllantirish mexanizmini yaratmoqdamiz. Bu har bir tashkilotda me’yorga aylanishi kerak. O‘zaro hurmat madaniyati Yangi O‘zbekistonimiz uchun sog‘lom jamiyat va kelajakning kuchli kadrlarini shakllantiradi”, deydi u.
Dasturning muhim yangiliklari:
- joriy yil dekabrigacha xodimlar ish joyidagi qonunbuzilishlar haqida anonim xabar berishi mumkin bo‘lgan “Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhiti” raqamli portali ishga tushirilishi rejalashtirilgan;
- 14 ta hududda 700 nafar fasilitator tayyorlanadi. Ular davlat tashkilotlarida inson resurslarini boshqarish va xavfsiz ish muhitini yaratish uchun mas’ul 35 ming nafar xodimni o‘qitadi;
- xodimlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish va ko‘rilgan choralarni kuzatish mexanizmlari yo‘lga qo‘yiladi.
Tadbirda Oliy sud raisi Robaxon Mahmudova, Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning O‘zbekistondagi doimiy vakili Nigina Abasazade va BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabin Mahl ham ishtirok etib, qonunchilikda belgilangan kafolatlarni amalda ishlaydigan mexanizmlarga aylantirish hamda idoralararo hamkorlikni kuchaytirish muhimligini ta’kidlagan.




Milliy dastur Prezidentning joriy yil 21 sentyabrdagi PQ–345-son qarori va Vazirlar Mahkamasining joriy yil 28 sentyabrdagi 518-son qarori asosida amalga oshiriladi.
Live
Barchasi