Dunyoda global iqtisodiy inqiroz boshlandi
Olam
−
19 mart 2020
15624Goldman Sachs Group Inc. va Morgan Stanley iqtisodchilari koronavirus sabab global inqiroz boshlanganini, ayni vaqtda uning qancha davom etishi hamda qay darajada chuqur ketishi borasida muhokamalar ketayotganini ma’lum qildi. Bu haqda "Bloomberg" agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, koronavirus pandemiyasidan dastlab aziyat chekkan Xitoy iqtisodiyotining talafoti kutilganidan ko‘p bo‘lgan.
Morgan Stanley iqtisodchilari inqiroz butun dunyoning “bazaviy ssenariysi” ekani, undan qochish imkonsizligini hamda jahon iqtisodining o‘sishi 0,9 foizga pasayishini taxmin qilgan. Goldman Sachs mutaxassisi Yan Xatsius va uning hamkasblari jahon iqtisodiy rivojlanishining 1,25 foizga pasayishini aytmoqda. S & P Global ham bunga qo‘shimcha qilib, jahon iqtisodi 2020 yilda 1-1,5 foizga o‘sishini bashorat qilgan.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi bu pasayish 2009 yildagi 0,8 foizlik pasayish qadar “og‘riqli” bo‘lmasligini ta’kidlamoqda. Ammo 2001 yil va 1990-yillardagi iqtisodiy tushkunlikdan asoratliroq bo‘ladi. Morgan Stanley va Goldman Sachs vaziyat yilning ikkinchi yarmida o‘nglanishini taxmin qiyapti, biroq iqtisodiy xavf saqlanib qoladi.
Taxminlarda siyosatchilarga jiddiy zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan sohalarni qo‘llab-quvvatlash uchun bosimni paydo qilishi va buning natijasida kompaniya va iste’molchilar shokni o‘tkaza olishi ta’kidlangan.
Bloomberg tahlilchilari Xitoyning 2020 yildagi iqtisodiy o‘sish sur’ati pasayishini taxmin qilyapti.
“Biz avval 5,2 foiz o‘sishni taxmin qilgandik. Yangi bashoratimiz 1,4 foizga teng. Bunda birinchi chorakda iqtisodiy o‘sish 11 foizga pasaygani inobatga olingan”, deyiladi Chang Shu, Devid Ku va Tom Orlik tahlillarida.
AQSH Federal zaxira tizimi va boshqa markaziy banklar pul-kredit siyosatini yumshatdi. Yana ko‘plab hukumatlar jarayonga sekin munosabat bildirdi va endi fiskal choralar ishlab chiqyapti. Ammo bular investorlar xavotirini bostirishga yetmayapti.
Kecha, 18 mart kuni AQSH fond bozorlarida pasayish davom etdi va butun dunyodagi pasayishlar va neft narxininng tushishi fonida 5,5-7,8 foizgacha kuchaydi.
Nyu-York fond birjasida Dow Jones Industrial Average 6,29 foizga pasayib, 19902,35 punktga tushib qoldi, yuqori texnologiyali kompaniyalar indeksi NASDAQ 8,31 foizga pasaydi va 6929,922 punktga tushdi, S&P 500 indeksi 7,75 foizga – 2333,06 punktgacha pasaydi.
AQSH Federal zaxira tizimi ko‘rayotgan choralar bilan bir qatorda mamlakat Kongressi ham iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun 1,3 trln dollar ajratishni ko‘rib chiqyapti. Qayd etish kerakki, bu juda katta summa hisoblanadi.