Neftga talab 18 yillik minimum chegarasida. Rubl tobora “sinib” boryapti
Olam
−
18 mart 2020
8495Dunyo bozorida neft narxi tushishda davom etyapti. Bugun, 18 mart kuni savdolarda Brent markali neft narxi 2016 yil yanvaridan beri ilk bor barreliga 28 dollardan pastlab, 27,62 dollarga teng bo‘ldi. WTI markali neft narxi 2002 yildan beri ilk bor 26,05 dollarga teng bo‘ldi. Keyinroq 25,95 dollargacha tushib ketdi.
Neft narxiga monand Rossiya rubli ham qadrsizlandi. Yevro kursi 5,55 foizga qimmatlab, 1 yevro 87,5 rublga tenglashdi. Dollar kursi 5,73 foizga mustahkamlanib, 1 dollar – 79,77 rubl bo‘ldi.
Bugun Yevropa fond bozorlari ham pasayish bilan ochildi. Buyuk Britaniyaning FTSE 100 indeksi 5,25 foizga pasayib, 5016,05 punktgacha tushib ketdi. Fransiyaning CAC 40 indeksi 5,15 foizga pasayib, 3786,6 punktda to‘xtadi, Germaniyaning DAX indeksi 5,33 foizga arzonlab, 8461,5 punktga tushdi.
Fond birjalaridagi narx-navoga dunyoda so‘nggi vaqtlarda yuzaga kelgan vaziyat jiddiy ta’sir ko‘rsatyapti. Bir tomondan dunyoda tobora avj olayotgan koronavirus, ikkinchi tomondan neft qazib chiqarish hajmi borasida kelisholmay qolgan Rossiya va OPEC fond bozorlarida yangi-yangi “qulash”larga sabab bo‘lyapti.
Rossiya Markaziy banki ochiq savdolarda valyuta sotish hajmini oshirish orqali rublning yo‘qotishlarini biroz tiyib turibdi. Ammo bu choralar tashqi ta’sir natijasida yuz berayotgan negativlarni to‘xtatishga yordam bermayapti.
“Koronavirus tarqalishi sababli neftga talabning tushib ketishi borgan sari jiddiy tus olyapti”, deyiladi Goldman Sachs ma’lumotida. Yilning ikkinchi choragida Brent markali neft narxi barreliga 20 dollargacha tushishi kutilyapti. Qayd etilishicha, bunday pasayish 2002 yildan beri kuzatilmagan.
Bank koronavirus pandemiyasi sababli mart oyi oxiriga borib sutkalik neft iste’molining 8 mln barrelgacha, 2020 yil uchun sutkalik talabning 1,1 mln barrelga tushib ketishini taxmin qilyapti. Bu pasayish rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.
LiveBarchasi