Dunyo Ukraina mojarosidan charchadi – Lula da Silva

Olam

image

Dunyo Ukraina mojarosidan charchadi, shu sababli endi tinchlikka erishadigan payt keldi. Bu haqda Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva Belgiya poytaxti Bryusselda joriy yilning 17-18 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan ikki kunlik Yevropa Ittifoqi-CELAC (Lotin Amerikasi va Karib havzasi mamlakatlari hamjamiyati) sammitidan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida gapirdi.

“Dunyo charchashni boshladi. Mamlakatlar charchay boshladi. Shuning uchun, tinchlikka erishadigan payt keldi. Va endi Rossiya va Ukraina bilan muloqot qila oladigan davlatlar guruhi ham paydo bo‘lishi kerak”, deydi Braziliya rahbari. 

Yevropa Ittifoqi Lotin Amerikasi va Karib havzasi mamlakatlari yetakchilari bilan o‘tkazilgan ikki kunlik sammit davomida asosiy maqsad – Ukrainaga qilingan bosqin yuzasidan aniq xulosani qabul qilish yoki Rossiyani buning uchun qoralashni uddalay olmadi. Bunda Nikaragua rahbari Rossiyani qoralovchi hujjatni imzolashdan bosh tortgan bo‘lsa, Braziliya Prezidenti Lula da Silva Moskvani mojaroning asosiy aybdori sifatida ko‘rsatishdan qochgan hamda Zelenskiy va Baydenni Putin bilan ko‘proq muzokara o‘tkaza olmaganlikda ayblagan. 

Lula da Silva, shuningdek, Lotin Amerikasi rahbarlarini Rossiyani Ukrainaga qilgan bosqini uchun qoralash, uning xalqaro qonunlarni buzganini yanada ko‘proq muhokama qilishga undagan Chili Prezidenti Gabriel Borichni tajribasizlik va g‘o‘rlikda ayblagan. 

“Ehtimol, bu kabi uchrashuvlarda qatnashishga odatlanmaslik yosh odamni yanada ishtiyoqli va shoshqaloqroq qilib qo‘yadi... Tushunishimiz kerakki, hamma ham fikrimizga qo‘shilavermaydi, hamma ham birdek shoshilayotgani yo‘q, barchaning biror masaladagi nuqtai nazari bir xil emas”, deydi Braziliya yetakchisi. 

U, shuningdek, Borich Yevropa Ittifoqi-Lotin Amerikasi sammitida birinchi marta qatnashayotgani uchun boshqalarga qaraganda ko‘proq asabiylashgan bo‘lishi mumkinligini sha’ma qilgan. 

Rasmiylarga ko‘ra, Lulaning Rossiyaga nisbatan qat’iy pozitsiyaga rozi bo‘lmagani Yevropa Ittifoqi vakillarining hafsalasini pir qilgan, Rossiyaga qarshi pozitsiyaga rozi bo‘lmaydigan davlatlar – Venesuela va Kubani esa kuchaytirgan. 

Ma’lumot uchun, Braziliya Rossiyaning Ukrainadagi urushiga nisbatan juda ehtiyotkor siyosat yuritib kelmoqda. Masalan, Luis Inasiu Lula da Silva Germaniya kansleri Olaf Shols joriy yilning yanvar oyida Lotin Amerikasiga tashrif buyurganida uning Ukrainaga qurol yetkazib berish haqidagi iltimosini rad etgandi. Braziliya Tashqi ishlar vaziri Mauro Viyeyra esa rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan aprel oyida uchrashib, Rossiyaga kiritilgan iqtisodiy sanksiyalar mojaroga aloqador bo‘lmagan davlatlarga yo‘q joydan zarar yetkazayotganini aytgan. Braziliya, shuningdek, Rossiyaga qarshi sanksiyalarga ham qo‘shilmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Putin Lula da Silva Ukraina mojarosi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing