Dunyo neft bozorida vahima ko‘tarildi. Uning ortidan rubl ham “quladi”
Olam
−
09 mart 2020
12069Bugun, 9 mart kuni Brent markali neft xalqaro bozorda birdan 14 dollarga arzonlashib, 31 foiz qiymatini yo‘qotdi. WTI markali neft 27 foiz arzonlashib 30,27 dollarga teng bo‘lib qoldi.
Neft narxining tushishiga OPEC (Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti) va Rossiyaning “qora oltin” qazib olish bo‘yicha yangi kelishuvga erisholmagani holda eskisining amal qilish muddatini ham uzaytira olmagani sabab bo‘ldi. Kelishuv tuzilmasa, joriy yilning 1 aprelidan bitim ishtirokchilarining neft qazib olishiga bo‘lgan cheklovlar bekor qilinadi.
Dunyoda neft narxining tushishi ortidan rubl kursi ham “quladi”. Rossiya milliy valyutasi dollar va yevroga nisbatan keskin qadrsizlandi. Hozirda bir dollar 72,4 rublga, 1 yevro 82,2 rublga baholanyapti.
“Goldman Sachs” banki neft bozorida vahima ko‘tarilgan bir vaqtda “qora oltin” narxi barreliga 20 dollargacha tushib ketishini taxmin qildi.
“OPEC va Rossiya neft urushini boshladi, bu uning narxini 20 dollargacha tushishiga sabab bo‘lishi mumkin”, deyilgan bank hisobotida.
Saudiya Arabistoni esa Rossiya bilan kelishuv buzilganidan keyin narx urushini boshladi. Saudiya davlat neft kompaniyasi Saudi Aramco xaridorlariga so‘nggi 20 yillikdagi eng yuqori chegirmalarni taklif qila boshladi. Kompaniya sutkalik neft qazib olish hajmini 2 mln barrelgacha yetkazmoqchi.