“Dunyo kutgan qo‘ng‘iroq”. Putin va Tramp Eron masalasida suhbatlashdi
Olam
−
08:43 13975 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 9 mart kuni kechqurun ikki davlat rahbarlari o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tgan. Donald Tramp Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilib, xalqaro vaziyatdagi dolzarb masalalarni muhokama qilgan. Suhbatda asosiy e’tibor Eron atrofidagi mojaro va AQSH vakillari ishtirokida olib borilayotgan Ukraina bo‘yicha uch tomonlama muzokaralarga qaratilgan.
Qayd etilishicha, suhbat ishchan, ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgan. Rossiya va AQSH Prezidentlari oxirgi marta 2025 yilning dekabr oyi oxirida telefon orqali gaplashgan edi. Bu galgi suhbat taxminan bir soat davom etgan. Donald Tramp ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi bunday muloqotlar muntazam bo‘lib turishi kerakligini aytgan va har ikki tomon bunga tayyor ekanini bildirgan.
Vladimir Putin Eron atrofidagi mojaroni tezroq siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan bir qator taklif va fikrlarni bildirgan. Bu takliflar Fors ko‘rfazi davlatlari rahbarlari, shuningdek Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon hamda boshqa mamlakatlar yetakchilari bilan o‘tkazilgan muloqotlar natijalarini hisobga olgan holda aytilgan.
O‘z navbatida, Donald Tramp AQSH va Isroil tomonidan olib borilayotgan harbiy operatsiya doirasidagi vaziyatga baho bergan.
Tramp, shuningdek, Ukrainadagi mojaroni imkon qadar tezroq o‘t ochishni to‘xtatish orqali hal qilishdan manfaatdor ekanini yana bir bor ta’kidlagan.
Rossiya tomoni Donald Tramp va uning jamoasi tomonidan amalga oshirilayotgan vositachilik sa’y-harakatlariga ijobiy baho bergan. Shu bilan birga, front chizig‘idagi vaziyat haqida ma’lumot berilib, Rossiya qo‘shinlari ayrim yo‘nalishlarda muvaffaqiyatli ilgarilayotgani qayd etilgan. Bu holat Kiyevdagi hukumatni muzokaralar yo‘liga o‘tishga undashi kerakligi aytilgan.
Suhbat davomida Prezidentlar Venesuela masalasini ham muhokama qilib, ayniqsa jahon neft bozoridagi vaziyatga e’tibor qaratgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Eronning yangi Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiyga uning saylangani munosabati bilan tabrik yo‘llagandi. Putin Tehronni “qo‘llab-quvvatlashi” va “eronlik do‘stlar bilan birdamligini” bildirgan.
Live
Barchasi