O‘zbekistonda 8 ta mahsulot tegishli hujjatsiz sotilgan
Jamiyat
−
31 iyul
10394O‘zbekiston do‘konlarida sotilayotgan 8 ta oziq-ovqat mahsulotining laboratoriya sinovlari amaldagi hujjatlarga nomuvofiq deb topildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Bildirilishicha, nazorat xaridi uchun Toshkent shahridagi savdo shoxobchalaridan 9 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar xarid qilingan va belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarga sinovdan o‘tkazish uchun taqdim etilgan.
Mahsulotlarning sifati va xavfsizligi bo‘yicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Milliy “Referens” va “Texnostandart-NEO” MCHJ huzuridagi akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalar xulosasiga ko‘ra, 9 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan 8 nomdagisi, ya’ni ularning 88 foizi amaldagi texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga nomuvofiqligi ma’lum bo‘lgan.
Jumladan, texnik reglament yoki standart talablari bo‘yicha kamchiliklar mahsulotning tarkibi, yorliqlanishi va qadoqlanishi bilan bog‘liq bo‘lib, quyidagi ishlab chiqaruvchi korxonalarga tegishli ekanligi aniqlangan:
- “BRUNI” shokoladli keks mahsuloti — ishlab chiqaruvchi korxona “Almerro Group” MCHJ;
- “SELLATILGAN MOL GO‘SHTI oliy nav” Konservalangan mol go‘shti mahsuloti — ishlab chiqaruvchi korxona “Marmaks” QK MCHJ;
- “BIO KEFIR” kefir — ishlab chiqaruvchi korxona “DIL-BAH DAIRY GROUP” MCHJ;
- “Qand” mahsuloti — ishlab chiqaruvchi korxona “Prima industries group” MCHJ;
- “Chernogolovka” gazlangan salqin ichimlik — ishlab chiqaruvchi korxona “Aqua Products” MCHJ QK;
- “Urussa” kungaboqar yog‘i — ishlab chiqaruvchi korxona “Resurs” moy ekstraksiya zavodi;
- “Kunjutnoye maslo” yog‘ mahsuloti — ishlab chiqaruvchi korxona “Maxmadjon Nurafshon” XK;
- “Sedana yog‘i” yog‘ mahsuloti — ishlab chiqaruvchi korxona “Maxmadjon Nurafshon” XKlar.
Raqobat qo‘mitasi nazorat xaridi davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va sifatsiz mahsulotlarning sotilishiga chek qo‘yish yuzasidan belgilangan tartibda choralar ko‘rilayotganini bildirdi.
LiveBarchasi