Don ortilgan ilk kema Odessadan chiqdi – OAV
Olam
−
01 avgust 2022
6967Don ortilgan ilk kema bugun, 1 avgust kuni Ukrainaning Odessa bandargohidan yo‘lga chiqdi. Bu haqda TASS CNN Türk'ga asoslanib, xabar berdi.
Turkiya Mudofaa vazirligi hozircha bu ma’lumotni tasdiqlamagan.
Avvalroq Turkiya harbiy idorasi Istanbul qo‘shma muvofiqlashtirish markaziga (QMM) tayanib, Ukrainani tark etadigan birinchi kema Serra-Leone bayrog‘i ostidagi “Razoni” yuk tashuvchi kemasi bo‘lishini ma’lum qilgandi. U mahalliy vaqt bilan soat 08:30 da (Toshkent vaqti bilan soat 10:30 da) yo‘lga tushishi kerak edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akar, Rossiya Milliy Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Ukraina Infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov ishtirokida “Don yo‘lagi” hujjati imzolandi. Ukrainadan g‘alla eksporti bo‘yicha kelishuv Odessa, shuningdek, Chernomorsk va Yujniydan xavfsiz yo‘laklarni yaratishni nazarda tutadi. Ushbu kelishuv jahon bozorlariga kamida 25 million tonna don yetkazib berish imkonini beradi.
Ukraina Qurolli Kuchlarining “Janub” operativ qo‘mondonligi Istanbulda shartnoma tuzilganiga 24 soat to‘lmasdan, 23 iyul kuni ertalab Rossiya harbiylari Odessa dengiz savdo portiga “Kalibr” raketalari bilan hujum uyushtirgani haqida xabar berdi.
Ukraina TIV hujumga munosabat bildirib, Rossiya raketasi Vladimir Putinning BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning yuziga tupurish, deb baholadi.
LiveBarchasi