Dog‘istondagi Nurmagomedov sport maktabida tintuv o‘tkazildi
Olam
−
29 iyun
12021Kecha, 28 iyun kuni Dog‘istondagi Abdulmanap Nurmagomedov nomidagi aralash yakkakurash sport klubida Maxachqal’a va Darbandda sodir etilgan teraktlarga aloqador ish bo‘yicha tintuv o‘tkazildi. Bu haqda huquq-tartibot idoralariga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.
“Yo‘q qilingan jangarilardan biri avval ushbu klubda shug‘ullangan”, deydi agentlik manbasi.
TASS manbasining xabar berishicha, Maxachqal’adagi jang san’atlari maktabida “tezkor qidiruv tadbirlari” o‘tkazilmoqda. Hibsga olinganlar haqida hozircha ma’lumot yo‘q.
“Shot”ga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari xodimlari Dog‘istondagi teraktlar ishtirokchisi Gadjimurod Kagirov bilan yaqin aloqada bo‘lgan va yaqin orada so‘roqqa tutilishi mumkin bo‘lgan uch nafar maktab jangchisini aniqlagan. Kanal manbasiga ko‘ra, maktab bosh murabbiyi va boshqa sportchilar bilan allaqachon suhbatlashilgan, ularning hujjatlari tekshirilgan.
“Xavfsizlik kuchlari Nurmagomedov klubini ketma-ket ikkinchi kun tekshirmoqda”, deb yozadi “Mash”.
Kanal ma’lumotlariga ko‘ra, bir kun oldin ular mashg‘ulotlarni tark etayotgan sportchilarning hujjatlari va telefon raqamlarini tekshirib, teraktdan oldin Kagirov bilan kim muloqot qilganini so‘ragan. Shuningdek, politsiya yaqin atrofdagi korxonalar va sport zallarini o‘rab oldi.
Eslatib o‘tamiz, 23 iyun kuni Dog‘iston Respublikasining Darband va Maxachqal’a shaharlarida noma’lum shaxslar ikkita pravoslav cherkovi, ikkita sinagoga va yo‘l politsiyasi postiga hujum qilgandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 15 nafar huquq-tartibot xodimi, shuningdek, 4 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan.
Azizbek Eshmamatov
LiveBarchasi