Putin Dog‘iston rahbarini iste’foga chiqardi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Dog‘iston rahbari Sergey Malikov iste’foga chiqayotgani va boshqa ishga o‘tayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 30 aprel kuni respublika xalq majlisi vakillari bilan uchrashuvda so‘z ochdi.

Putin 2020 yildan buyon mintaqani boshqarib kelayotgan 60 yoshli Malikovning aynan qayerga o‘tishini aytmagan. 

“Respublikaning amaldagi rahbari Sergey Alimovich Malikovning xizmat muddati sentyabr oyida tugaydi. U ko‘p ish qildi. Buning uchun undan minnatdormiz. Lekin u boshqa ishga o‘tmoqda, hayot davom etadi”, deydi Prezident.

Respublika parlamenti spikeri Zaur Askenderov mintaqa rahbari lavozimiga Dog‘iston Oliy sudi raisi Fyodor Shukin nomzodini taklif qilgan. Respublika hukumati rahbarligiga esa Prezidentning Uzoq Sharq federal okrugidagi (USHFO) vakolatli vakili o‘rinbosari Magomed Ramazanovni qo‘yish taklif etilgan. U ilgari Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining korrupsiya ishlari bilan shug‘ullanuvchi “K” boshqarmasi xodimi bo‘lgan. Askenderov “bunday tandem muvaffaqiyatli bo‘lishi” haqida fikr bildirgan. Putin har ikki nomzodni qo‘llab-quvvatlagan.

Aprel oyi boshida Prezident Administratsiyasiga yaqin bo‘lgan RBK manbalari uning Dog‘iston rahbari lavozimiga asosiy nomzodga aylanganini xabar qilgan. O‘shanda Putin uni respublikadagi vayronkor suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish masalalari bo‘yicha yig‘ilishga taklif qilganini aytgan. Shuningdek, Malikovni almashtirish to‘g‘risidagi qaror mintaqada tabiiy ofat boshlanishidan oldinroq qabul qilingani qayd etilgan.

Shuningdek, bungacha Rossiya rasmiy ommaviy axborot vositalari Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov, shuningdek, Bryansk viloyati rahbari Aleksandr Bogomazning ehtimoliy ishdan bo‘shatilishi haqida ham yozgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida kuchli yomg‘irlar tufayli Dog‘istonda suv toshqinlari sodir bo‘lgan edi. Shahar va qishloqlarda uylarni suv bosdi, hududda suv va elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga keldi. Tog‘larda ko‘chki va sel hodisalari kuzatildi. Tabiiy ofat oqibatida olti kishi, jumladan, uch nafar bola halok bo‘ldi. Toshqindan 6 mingdan ortiq kishi jabr ko‘rdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining 9 apreldagi ma’lumotlariga ko‘ra, Dog‘istonning sakkizta aholi punktida 1091 ta turarjoy binosi, 1146 ta tomorqa yer uchastkasi va 70 ta yo‘l qismi suv ostida qolgan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Dog'iston Sergey Malikov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing