Dog‘istonda niqob kiyish vaqtincha taqiqlandi
Olam
−
03 iyul
3711Dog‘iston muftiyati respublikada tahdidlar bartaraf etilguniga va yangi diniy xulosa chiqarilgunga qadar niqob kiyishni vaqtinchalik taqiqlaganini e’lon qildi. Bu haqda muftiyatning Telegram-kanalida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, kecha, 2 iyul kuni ommaviy axborot vositalari fatvo bo‘limining xulosasini unchalik to‘g‘ri talqin etmagan.
“Muftiy Milliy siyosat va din ishlari vazirligining respublika aholisi uchun mumkin bo‘lgan tahdidlarning oldini olish borasidagi vakolatli xulosasiga tayanib, ushbu turdagi niqobli kiyim-kechak kiyishni vaqtinchalik taqiqladi. Shu sababli tahdidlar bartaraf etilgunga qadar va yangi diniy xulosa chiqarilguncha niqoblardan foydalanish mumkin emas”, deyilgan xabarda.
Niqob kiyishni taqiqlash masalasi joriy yilning 23 iyun kuni Maxachqal’a va Darbandda qurolli odamlar tomonidan otishma boshlanganidan keyin yuzaga kelgan. O‘shanda jangarilar orasida amaldorning o‘g‘illari ham bo‘lgan.
Dog‘iston rahbari Sergey Melikov ham niqob kiyishga qarshi chiqib, bu kiyim Kavkaz xalqlariga xos emasligini aytgan.
“Shaxsan men niqob kiyishga qarshiman. Bir necha bor terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha topshiriqlarni bajargan shaxs sifatida shuni aytamanki, Kavkaz xalqlari uchun odatiy bo‘lmagan bu kiyim uning ichiga erkaklarning yashirinishiga ham imkon yaratadi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan men bunday kiyimlarga qarshiman”, degan Melikov.
Shuningdek, Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin ham Rossiyada niqob kiyishni taqiqlash taklifini qo‘llab-quvvatlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Dog‘iston muftiyati mamlakatda niqob kiyishni taqiqlovchi diniy xulosa chiqarishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi