Italiya maktablarida burqa va niqob taqiqlanishi mumkin

Olam

image

Italiya hukumati maktablarda burqa va niqob o‘rashni taqiqlash, sinflardagi xorijlik o‘quvchilar sonini cheklash hamda ayrim xorijlik o‘quvchilarning ota-onalariga italyan tilini o‘rganish majburiyatini yuklashni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Jorjiya Meloni ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, tegishli chora yaqin orada hukumat yig‘ilishida taqdim etiladi. Unga ko‘ra, har bir sinfda ta’lim olishi mumkin bo‘lgan xorijlik o‘quvchilar soniga maksimal chegara belgilanadi.

Shuningdek, maktab tizimiga moslashishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelayotgan xorijlik o‘quvchilarning ota-onalari italyan tilini o‘rganishi talab qilinadi. Bosh vazirning aytishicha, sinfda italyan tilini tushunmaydigan bitta o‘quvchi bo‘lsa, u sinfdoshlari va o‘qituvchilar yordamida tilni tez o‘rganishi hamda ta’lim muhitiga moslashishi mumkin. Biroq bunday o‘quvchilar soni ko‘payib, hatto ko‘pchilikni tashkil etsa, bu integratsiya emas, balki e’tiborsizlikka aylanadi.

Meloni sinflardagi xorijlik o‘quvchilar soni bo‘yicha qancha limit o‘rnatilishi haqida hozircha aniq raqam keltirmagan. Fondazione ISMU tadqiqot institutining ma’lumotlariga ko‘ra, Italiya maktablarida tahsil olayotgan o‘quvchilarning 11,6 foizi mamlakat fuqarosi hisoblanmaydi.

Meloni, shuningdek, maktabga o‘quvchilar yuzini ochiq holda borishi kerakligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Italiyada hech kim haqiqiy yoki o‘ylab topilgan an’ana bahonasida yosh ayol yuzini berkitishi kerak degan qarorga kela olmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Avstriyada yangi o‘quv yili boshlanishi bilan 14 yoshga to‘lmagan qizlarning maktablarda hijob va boshqa an’anaviy ro‘mollarni o‘rashi taqiqlangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing