DXMlar yana stiker beradimi?
Jamiyat
−
10 iyul 2020
11495Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini qayta tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan bugun, 10 iyuldan karantin choralari kuchaytirilib, transport harakatlanishi vaqtincha cheklandi.
Davlat xizmatlari agentligining ma’lum qilishicha, shundan so‘ng, tashkilotning ijtimoiy sahifalari va Telegram-botiga mashinalarga stiker berish bilan bog‘liq savollar kelib tushib, aholi o‘rtasida turli anglashilmovchiliklarga sabab bo‘la boshlagan. Shu sababdan DXA fuqarolarga stiker berilmasligi bo‘yicha murojaat yo‘lladi.
“Maxsus komissiya bayoniga ko‘ra, joriy yilning 9 aprelidan boshlab Davlat xizmatlari markazlari orqali harakatlanish uchun ruxsatnomalar berilishi to‘xtatilgan.
Bugungi kunda DXAga Davlat xizmatlari markazlari orqali stiker berish haqida hech qanday topshiriq belgilangani yo‘q”, deya ta’kidlangan DXA murojaatida.
Ammo Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 9 iyuldagi Axborotiga ko‘ra, avtotransport vositalari harakatlanishi uchun Adliya vazirligi Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ilgari berilgan maxsus ruxsatnoma (stiker)lar karantin cheklovlari amal qilish davrida qo‘llaniladi.
Biroq, boshqa stikeri mavjud bo‘lmagan mashinalarga, faqatgina kunning muayyan vaqtida (07:00 dan – 10:00 gacha, 17:00 dan – 20:00 gacha) tegishli hudud doirasida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida) fuqarolarning ish joyiga borib-kelishi, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish uchun harakatlanishiga ruxsat beriladi.
Hududlar o‘rtasida avtotransport vositalari qatnovi taqiqlandi (qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi tashkilotlarga tegishli xizmat va shaxsiy avtotransport vositalarining harakati bundan mustasno).
Mototransport (skuter) hamda velosipedda harakatlanishiga faqatgina tibbiy niqobdan foydalangan holda hayotiy zarur ehtiyojlari – dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish, shifokor ko‘rigiga murojaat etish, shuningdek, ish joyiga borish va kelish uchun ruxsat etiladi.
LiveBarchasi