O‘zbekistonda mashinalarga “qizil”, “sariq” va “yashil” ekologik stikerlar yopishtiriladi
Jamiyat
−
05 mart
21836O‘zbekistonda endilikda avtomobillardan chiqayotgan zararli moddalar miqdori tekshiriladi va ekologik tekshiruv natijasidan kelib chiqib RFID chip o‘rnatilgan “qizil”, “sariq” yoki “yashil” yorliq (stiker) mashinaning old oynasiga yopishtiriladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bugun, 5 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishgan. U avtotransport vositalarining zararli tashlanmalari bilan bog‘liq ekologik muammolarni bartaraf etish maqsadida Toshkent shahri Mirobod tumani Fayzobod mahallasida joylashgan yangi uslubda ishlovchi zamonaviy diagnostika markaziga borib, markaz faoliyati bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, mazkur markaz faoliyatini tashkil etishda Germaniya, Belgiya, Fransiya kabi rivojlangan mamlakatlar shaharlarining ekologik muhitini muhofaza qilish sohasidagi ilg‘or tajriba inobatga olingan. Bu yerda transport vositalariga davlat raqam belgisi biriktirish va qayd etish guvohnomasini topshirish jarayoni turli byurokratik to‘siqlar va ovoragarchilikdan xoli qilingan, inson omili minimal darajaga tushirilgan. Avval avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni olti-yetti bosqichda amalga oshirilgan bo‘lsa, hozirda bosqichlar soni uchtaga qisqargan.
Shuningdek, markazda avtomobildan chiqayotgan zararli moddalar miqdori tekshiriladi va ekologik tekshiruv natijasidan kelib chiqib RFID chip o‘rnatilgan “qizil”, “sariq” yoki “yashil” yorliq (stiker) mashinaning old oynasiga yopishtiriladi.
“Kelgusida joriy ekologik vaziyatdan kelib chiqib, shahar hududi bir nechta ekologik zonalarga ajratiladi va transport vositalarining havoga chiqarayotgan zararli moddalari darajasiga ko‘ra, ya’ni stiker rangiga qarab, ayrim ekologik zonalarga kirishni bosqichma-bosqich cheklash taklif etilmoqda. Bunda ekologik zonalarga ruxsat etilmagan transport vositalarining kirishi avtomatlashtirilgan holda nazorat qilinadi. Qoidabuzarlik natijasida kelib tushayotgan jarimalar hududning ekologik holatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi”, deyiladi xabarda.
Tizim to‘laqonli ishlashi uchun mamlakat bo‘ylab 100 ga yaqin havoni monitoring qilish avtomatik stansiyalari o‘rnatilishi, transport vositalarining atmosferaga chiqarayotgan zarari darajasini baholash uchun 84 ta ro‘yxatga olish-diagnostika markazlarini, shuningdek, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining 216 ta hududiy tuman bo‘linmalarini zamonaviy diagnostika uskunalari bilan jihozlash rejalashtirilmoqda.
Bildirilishicha, aholi uchun elektromobillarni xarid qilishni rag‘batlantirish, shu jumladan, bunday toifadagi avtomobillar uchun davlat raqamlarini berishda undiriladigan to‘lov miqdorlarini kamaytirish yuzasidan aniq amaliy choralar ko‘riladi.
LiveBarchasi