DXX sobiq mulozimlariga oid sud harbiy sohaga oid ma’lumotlar sabab yopiq o‘tmoqda

3-sahifa

image

Fuqarolarni Koreyaga yuborish bilan bog‘liq “90 million dollarlik korrupsion sxema”ga bog‘lanayotgan Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq xodimlari Ganchar Uzoqov, Alijon Ashurov, Timur Shariksiyev va Suxrob Sayfutdinovga oid sud ishi nima sabab yopiq ko‘rilayotganiga izoh berildi. Kecha, 31 iyul kuni Toshkent shahar sudida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida tashkilot matbuot kotibi Tursunali Akbarov QALAMPIR.UZ jurnalistiga ayrim ma’lumotlarni ochiqladi.

Joriy yil, 29 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudida DXX sobiq mulozimlari Ganchar Uzoqov, Alijon Ashurov, Timur Shariksiyev va Suxrob Sayfutdinovga Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 3-qismi “a” va “b” bandlari, 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 301-moddasi (Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi) 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini sud majlisida ko‘rib chiqish yopiq tarzda boshlangan edi.

Joriy yilning may oyida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Migratsiya agentligi, xususiy bandlik agentliklarining sobiq mansabdorlari va boshqalardan iborat uyushgan jinoiy guruh Koreya davlatiga mehnat muhojiri sifatida ishga yuborish bilan bog‘liq korrupsion “sxema” yaratib, fuqarolardan rasmiy to‘lovlardan tashqari, firibgarlik yo‘li bilan 7-12 ming AQSH dollaridan, qariyb 90 mln AQSH dollari yiqqani haqida xabar bergan edi.

Toshkent shahar sudlari matbuot kotibi Tursunali Akbarovning qayd etishicha, ayni paytda Bektemir tumanida ko‘rilayotgan sud jarayoni Koreyaga yuborilayotgan migrantlardan noqonuniy pul undirish bilan bog‘liq korrupsion “sxema” aniqlangani bilan qanchalik bog‘liqligi borasida ham uzil-kesil tasdiq mavjud emas. Biroq to‘rt nafar shaxsga nisbatan ko‘rilayotgan bu ish katta bir jinoyat ishidan alohida ish yurituviga ajratilgani va uning tarmoqlari ko‘pligi ma’lum qilindi.

Hozircha ushbu to‘rt nafar sudlanuvchining xatti-harakatlariga sud tomonidan huquqiy baho berilmoqda va ularning tilga olinayotgan korrupsion “sxema”ga qanchalik aloqadorligi bo‘yicha yakuniy xulosa chiqarishga hali erta ekani ta’kidlandi.

Mazkur sud majlisi ham nima uchun yopiq tarzda o‘tayotganiga aniqlik kiritildi.

“Ushbu jinoyat ishida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishdan tashqari, harbiy mansabdorlik jinoyatlari turkumiga kiruvchi ayblovlar ham bor. Harbiy sohaga oid ma’lumotlar qonun bilan qo‘riqlanuvchi va sir saqlanuvchi yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Aynan shu sababdan ham ushbu sud jarayoni yopiq majlisda ko‘rib chiqilmoqda”, deydi Toshkent shahar sudlari matbuot kotibi Tursunali Akbarov.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar sudlari avvalroq Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i Bekmurod Abdullayev, Jazoni ijro etish departamenti sobiq boshlig‘i Rustam Tursunov va yana 28 kishiga oid jinoyat ishi, shuningdek, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining sobiq direktori Akmalxon Ortiqov va yana u bilan bog‘liq ishga aloqador 5 kishining sudi yopiq tarzda o‘tayotgani, jinoyat ishlarida qonun bilan muhofaza etiladigan, shuningdek shaxsiy hayotga oid ma’lumotlar mavjudligidan kelib chiqib, sud ajrimlariga asosan, jarayon yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilishi belgilanganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing