DXX raisining futboldagi o‘rinbosarlari rasman saylandi
Sport
−
15 iyul 2019
6214Avvalroq xabar berganimizdek, bugun, 15 iyul kuni Toshkent shahrida joylashgan “Radisson Blu Hotel” mehmonxonasida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya kun tartibidan quyidagi masalalar o‘rin oldi:
• 2018 yil 25 yanvarda bo‘lib o‘tgan Konferensiya bayonnomasini tasdiqlash;
• Moliyaviy hisobotni tasdiqlash (mustaqil auditor hisoboti);
• O‘FA ustaviga qo‘shimchalarni kiritish va ustavni yangi tahrirda tasdiqlash;
• O‘FA prezidenti, Vitse-prezidentlar va Ijroiya qo‘mitasi a’zolarini saylash.
Dastlab konferensiya ishtirokchilariga o‘zbek futbolining tarixi va bugungi kuni aks etgan videorolik namoyish etildi. So‘ngra, yaqinda O‘FA Bosh kotibi lavozimiga tayinlangan Avaz Maqsumov navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasini ochib berdi.
Shundan so‘ng o‘z arizasiga O‘FA prezidenti lavozimini tark etgan Ochilboy Ramatovning o‘rniga DXX raisi Abdusalom Azizov yagona nomzod sifatida ko‘rsatildi va uning nomzodi delegatlar tomonidan bir ovozdan saylandi.
Shuningdek, Abdusalom Azizovning o‘ribosarlari ham rasman saylandi. Xabaringiz bor, joriy yilning 14 iyun kuni Ravshan Ermatov O‘FA birinchi vitse-prezidentligiga, Muhiddin Jo‘rayev esa vitse-prezidentligiga vaqtincha tayinlangandi. Har ikki nomzod bugun delegatlar tomonidan rasman saylandi.