DXX qariyb 25 kg narkotikni musodara qildi
3-sahifa
−
08 dekabr 2021
5091Davlat xavfsizlik xizmati Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida 24,5 kgdan ortiq giyohvandlik vositalarini musodara qildi.
Xususan, Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Farg‘ona shahrida yashovchi, 1988 yil tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaro boshqaruvidagi Spark rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, uning salon qismida 4 kg 459 gr “opiy” va 2 kg 975 gr “gashish” giyohvand moddalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Tergovga qadar tekshiruv davomida, u avvalroq 1993 yil tug‘ilgan jinoiy sherigiga 7 kg 969 gr “gashish” moddasi bergani aniqlanib, ushbu narkotiklar ham tegishli tartibda olib qo‘yilgan.
Yana bir tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida esa 1973 y.t. ikki nafar fuqaroning Farg‘ona shahridagi yashash manzilida 1 kg 110 gr “gashish” hamda 991 gr “opiy” moddalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Shuningdek, tadbir davomida ulardan narkotik sotib olish uchun Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlaridan kelgan ikki xaridor ham qo‘lga olingan.
DXXning Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Xo‘jaobod tumanidagi “Do‘stlik” xalqaro nazorat o‘tkazish punktida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Andijon tumanida istiqomat qiluvchi, 1988 yil tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaro boshqaruvidagi Spark rusumli avtomashinada 6 kg 109 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda olib qo‘yilgan.
Xizmatning Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ham tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda “Surxondaryo - Farg‘ona” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan, Uchko‘prik tumanida yashovchi, 1974 yil tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi avtotransport vositasi “Umakay” YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Natijada avtomashinada xo‘jalik mollarini o‘lchashga mo‘ljallangan taroziga xufiyona joylashtirilgan 1 kg 47 gr “gashish” moddasi borligi aniqlangan. Shuningdek, unga ushbu giyohvandlik moddasini berib, ortidan kuzatib kelayotgan jinoiy sherigi, Denov tumanida istiqomat qiluvchi, 1973 yil tug‘ilgan, muqaddam “geroin” moddasi savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan fuqaro ham hibsga olingan.
DXXning Qoraqalpog‘iston bo‘yicha boshqarmasi xodimlarining Davlat bojxona qo‘mitasining hududiy boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirida Ellikqal’a tumanida yashovchi, 1988 yil tug‘ilgan muqaddam sudlangan fuqaroda 2990 dona “Tramadol” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 5 kg 450 gr “opiy”, 19 kg 210 gr “gashish” hamda 2990 dona “Tramadol” giyohvandlik vositalari musodara qilingan.
Ta’kidlanishicha, barcha holatlardagi giyohvandlik vositalari kelgusida sotish maqsadida qo‘shni davlatlardan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan.
Hozirda mazkur holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15