DXX 6 viloyatda narkosavdogarlarni ushladi (video)

3-sahifa

image

Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent, Surxondaryo, Farg‘ona, Qashqadaryo, Andijon va Sirdaryo viloyatlarida giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazdi.

DXX xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Tojikiston Respublikasining So‘g‘d viloyati Mastchoh tumanida yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan fuqaro 5 kg 817 gr “gashish” moddasini o‘zbek-tojik davlat chegarasidan kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazib, Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida xufiyona joyga yashirgan vaqtida qo‘lga olingan.

Farg‘ona viloyatida kuzatilgan holatda esa Rishton tumanida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan shaxsning topshirig‘iga ko‘ra Marg‘ilon shahrida istiqomat qiluvchi, 1985 va 1990 yillarda tug‘ilgan ikki fuqaro Toshkent viloyatining Ohangaron tumaniga borishgan. Ular muqaddam tojikistonlik narkokurer kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazib, xufiyona joyga yashirib ketgan 2 kg 678 gr. “gashish” moddasini olib, ortiga qaytgan. Ular kelayotgan avtotransport vositasi DXXning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan YHX xodimlari bilanDang‘ara tumanida to‘xtatilib, narkokurerlar qo‘lga olingan. Shuningdek ushbu ajal og‘usining buyurtmachisi hisoblangan rishtonlik fuqaro ham ushlangan. 

Boshqa bir holatda Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan shaxs 1 kg 883 gr “opiy” moddasini Samarqand viloyatining Tayloq tumaniga olib kelib, 1980 yilda tug‘ilgan fuqaroga sotayotgan vaqtida ularning ikkalasi ham DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Shuningdek, Tojikiston Respublikasidan o‘tkazilgan ushbu narkotikning egasi - denovlik, 1985 yilda tug‘ilgan fuqaro ham ushlangan.

Chirchiq shahrida yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan fuqaro “Bek Baraka” savdo majmuasi yonida DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan to‘xtatilib tekshirilganda, uning yonida 926 gr “opiy” moddasi borligi aniqlangan. Shuningdek, uning 1993 yil tug‘ilgan akasining Yangiyo‘l tumanidagi vaqtincha yashash xonadonidan 369 gr “opiy” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. 

Surishtiruv harakatlari davomida ushbu giyohvandlik vositalari muqaddam uchinchi shaxslar tomonidan Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan Toshkent viloyati hududiga o‘tkazilganligi ma’lum bo‘lgan.

Qashqadaryoda kuzatilgan holatda Surxondaryo viloyatida yashovchi, 1985 va 1987 yillarda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat sodir etganliklari uchun sudlangan ikki fuqaro 514 gr. “opiy” moddasini Denov tumanidan Koson tumaniga olib ketayotgan vaqtlarida ushlangan.

Andijon viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Xo‘jaobod tumanida yashovchi, 1990 yil tug‘ilgan shaxs 4480 dona “Lirika” va 895 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 20 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Qo‘qon shahrida qayd etilgan holatda esa 1987 yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadonida 1160 dona “Selofen”, 60 dona “Tropikamid”, shuningdek, uning sherigi, 1985 yilda tug‘ilgan shaxsga tegishli Nexia rusumli avtomashinada 2240 dona “Regapen” va 100 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda olib qo‘yilgan.

Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan fuqaro muqaddam Qirg‘iziston Respublikasidan Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumani hududiga o‘tkazilgan 1218 dona “Lirika” va 898 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini olib kelayotgan vaqtida Shirin shahrida qo‘lga olingan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

DXX giyohvand modda

Baholaganlar

119

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing