DXX 5 kgdan ortiq giyohvand moddasini musodara qildi (video)

3-sahifa

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Toshkent shahri, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida o‘tkazilgan tadbirlar natijasida giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq bir necha holatga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX Matbuot xizmati QALAMPIR.UZ`ga ma’lum qildi.

DXX Qashqadaryo viloyati boshqarmasi hamda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahrining Chilonzor tumani hududida “Denov – Toshkent” yo‘nalishida kirakashlik bilan shug‘ullanuvchi fuqaro boshqaruvidagi avtomashina to‘xtatilib, avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Uning yukxonasida Denov shahridan pochta sifatida berib yuborilgan avtomobil ehtiyot qismi ichiga yashirilgan 965 gramm miqdordagi “opiy” giyohvand moddasi borligi ma’lum bo‘lgan va protsessual tarzda rasmiylashtirib olingan. Aniqlanishicha, mazkur giyohvandlik vositasining egasi Chilonzor tumanida yashovchi fuqaro M.Nurumbetov bo‘lib, u ushbu ajal og‘usini Denov shahrilik A.Umurovdan 6500 AQSH dollariga sotib olgan.

Tezkor tadbir doirasida Nurumbetov va Umurov hibsga olingan. Mazkur shaxslar muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lsalar-da, xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishmagan.

DXX Farg‘ona viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan bir guruh shaxslar jinoyat ustida qo‘lga olindi.

Farg‘ona tumanida istiqomat qiluvchi ushbu fuqarolardan kelgusida sotish maqsadida yashirib qo‘yilgan 3 kilogramm 14 gramm "gashish" giyohvand moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Qirg‘iziston Respublikasining Botken viloyati Qadamjoy tumanida yashovchi shaxsdan 15 ming AQSH dollariga sotib olingan ushbu giyohvandlik vositasi kontrabanda yo‘li bilan mamlakatga olib kelingan.

DXX Namangan viloyati boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Namangan shahrida harakatlanayotgan Cobalt rusumli avtomashina to‘xtatildi.

Tekshirish jarayonida avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan Uchqo‘rg‘on shahrida yashovchi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, muqaddam sudlangan Avaskan uulu Abduraimga tegishli sport sumkasi ichida 787 gramm “gashish” moddasi borligi aniqlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, Avaskan uulu Abduraim Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan ushbu giyohvand moddani Namangan shahrida istiqomat qiluvchi, muqaddam sudlangan M.Mirhamidovga berishi kerakligi ma’lum bo‘ldi va tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur shaxs ham qo‘lga olindi.

Pop tumanida joylashgan “Namangan” YPX maskanida “Namangan – Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan Nexia rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi X.Amanovning yonida 392 gramm “gashish” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. U ajal og‘usini sotish maqsadida Toshkent shahriga olib ketayotgan bo‘lgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, ularning jinoiy sheriklarini aniqlash bo‘yicha ham chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

DXX

Baholaganlar

139

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing