DXX 25 millionlik pirotexnika savdosiga chek qo‘ydi
Jamiyat
−
31 dekabr 2019
4055Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida pirotexnika vositalari sotish bilan shug‘ullanuvchi Samarqand tumanida yashovchi “Z.A.”ning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi.
U 14 turdagi 500 donadan ortiq pirotexnika vositalarini 25 mln so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
“Z.A.” pirotexnika vositalarini Samarqand shahrida yashovchi, 2015 yilda xuddi shu kabi noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanganligi uchun javobgarlikka tortilgan “T.S.”dan xarid qilgani aniqlandi.
“T.S.”ning xonadoni tekshirilganda, unda umumiy qiymati taxminan 300 mln. so‘mga teng bo‘lgan 62 turdagi 22 ming 941 dona pirotexnika vositalari, shu jumladan, juda kuchli portlovchi va harakat radiusi keng bo‘lgan mahsulotlar borligi aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda olib qo‘yildi.
Endi ular qilmishlari uchun qonun oldida javob beradi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududida pirotexnika vositalari aylanishini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish hamda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida respublikamiz hududiga pirotexnika vositalarini olib kirish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, sotish va ulardan foydalanish taqiqlanadi.
LiveBarchasi