DXX 11,5 kg giyohvand modda savdosiga chek qo‘ydi

Jamiyat

image

Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi M.A. Quva tumanidagi dehqon bozori hududida 8 kg. 698 gr. “gashish” giyohvandlik moddasi bilan ushlandi. Aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik moddasi mamlakatimizga Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan.

Boshqa bir holatda esa “Vodil - Farg‘ona” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan Farg‘ona tumanida yashovchi T.B. boshqaruvidagi Tracker rusumli avtomobil to‘xtatilib tekshirilganda, 504 gr “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruvlar davomida aniqlanishicha, T.B. ushbu og‘uni Qirg‘iziston Respublikasi Botken viloyati Qadamjoy tumanida yashovchi shaxsdan 1,5 ming AQSH dollariga sotib olgan va aylanma yo‘llar orqali Farg‘ona tumaniga olib kirgan.

Bu kabi giyohvand moddalar savdosi Andijonda ham fosh etildi. DXX Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Asaka tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan Yu.S. va uning sherigi T.M. 802 gr “gashish” giyohvandlik moddasi bilan ushlandi. Ular ushbu giyohvand moddani Marhamat tumanida yashovchi, F.F.dan 9,9 ming AQSH dollariga sotib olganliklari ma’lum bo‘ldi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu ishga aloqador bo‘lgan F.F. hamda A.M. ham ushlandi va F.F.ning yonidan giyohvand modda savdosiga tegishli bo‘lgan 2,6 ming, A.M.ning yonidan esa 7,3 ming AQSH dollari ashyoviy dalil sifatida olindi. 

DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi xodimlarining Toshkent viloyati  Bekobod shahrida o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida muqaddam sudlangan mahalliy fuqarolar B.U. va E.B. qo‘shni Tojikiston Respublikasidan olib kelingan 995 gr “opiy” giyohvand moddasini 8 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtlarida qo‘lga olindi. Shuningdek, dastlabki surishtiruv ishlari vaqtida E.B.ning yashash manzili ko‘zdan kechirilganda xonadon hovlisiga 490 gramm “gashish” moddasi qo‘mib qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi.

O‘tkazilgan tadbirlar natijasida jami 10 kg 494 gr “gashish” va 995 gr “opiy” giyohvandlik moddalari musodara etildi.

Hozirda aniqlangan holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

DXX giyohvand modda

Baholaganlar

32

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing