Qo‘shiqchi va diplomat. O‘zbekistonda xalq artisti bo‘lgan Bulbulo‘g‘li kim?
Madaniyat-san’at
−
24 avgust
14042Joriy yilning 22 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga tashrifidan roppa-rosa bir yil o‘tib, Toshkent shahridagi Forumlar saroyida O‘zbekiston Prezidentining farmoniga ko‘ra, Ozarbayjonning estrada xonandasi, kompozitor, pedagog, aktyor, san’atshunoslik doktori, professor, diplomat, siyosat va jamoat arbobi Po‘lat Bulbulo‘g‘liga O‘zbekiston xalq artisti faxriy unvonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilishicha, tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov farmonni o‘qib eshittirgan. O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tomonidan faxriy unvon tantanali topshirilgan.
Aksar o‘zbekistonliklarga uncha tanish bo‘lmagan Bulbulo‘g‘li nima uchun O‘zbekistonda yuqori martabali hisoblanuvchi O‘zbekiston xalq artisti unvoniga loyiq ko‘rilgani aytildi.
Abdurahmonovga ko‘ra, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish va yangi bosqichga ko‘tarish borasidagi ulkan xizmatlari, o‘zining ko‘p yillik boy bilim-tajribasi, noyob qobiliyati, betakror ijodi bilan turkiy dunyo madaniyati va san’ati rivojiga qo‘shgan katta hissasi, qardosh xalqlar orasidagi birodarlik rishtalarini mustahkamlash, yosh iste’dod egalarini qo‘llab-quvvatlar, navqiron avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash ruhidagi ibratli faoliyati uchun Ozarbayjon xalq artisti Po‘lat Bulbulo‘g‘liga O‘zbekiston xalq artisti faxriy unvoni berilgan.
Xo‘sh, Po‘lat Bulbulo‘g‘li kim?
Po‘lat Murtazo o‘g‘li Mammedov 1945 yilning 4 fevralida Ozarbayjon poytaxti Bakuda Bulbul taxallusi bilan tanilgan Ozarbayjon opera xonandasi, musiqa folklor tadqiqotchisi, ozarbayjon professional vokal san’ati asoschisi, professor Murtazo Mashadi Riza o‘g‘li Mammedov oilasida tug‘ilgan. Po‘lat familiya sifatida otasining laqabi – Bulbul nomini oladi.
Bulbul o‘zbek xonandasi, O‘zSSR Xalq artisti, Zokirovlar sulolasi asoschisi Karim Zokirov bilan do‘st bo‘lgan. Ozarbayjonda xalq artisti bo‘lgan Farrux Zokirov buni quyidagicha eslaydi:
“Ilgari ham ko‘p aytganman, bizni ko‘p rishtalar bog‘lab turadi. Mana oddiy misol: mening oilam, ota-onam, Po‘latning ota-onasi... Mening otam va uning otasi bitta pedagogdan tahsil olgan va uning buyuk otasi Toshkentga gastrolga kelganda birgalikda opera ijro etishgan. Otam ikkinchi partiyani kuylagandi. Biz bu ajoyib an’analarni, akam Botir Zokirov boshlagan do‘stlikni davom ettiryapmiz. Ozarbayjonda shunday hamkasbim borligidan faxrlanaman. Biz ko‘proq musiqa, do‘stlik, san’at haqida suhbatlashamiz”, deydi 8 ta davlatda xalq artisti bo‘lgan Zokirov.
1968 yilda Ozarbayjon Davlat konservatoriyasini tamomlagan Bulbulo‘g‘li bir qator mashhur qo‘shiqlar muallifi va ijrochisi sifatida tanilgan. Afsonaviy qo‘shiqchi Muslim Magomayevning yaqin do‘sti bo‘lgan. Filmlar, dramalar, simfoniyalar, simfonik she’rlar va boshqa bir qator ijodiy ishlar muallifi. 1973 yilda Ozarbayjon SSRda xizmat ko‘rsatgan artist, 1982 yilda esa Ozarbayjon SSR xalq artisti, 2005 yilda Moldovada xizmat ko‘rsatgan, 2017 yilda Turkmaniston xalq artisti unvonlarini olgan. 1987 yildan Ozarbayjon Davlat filarmoniyasining direktori va badiiy rahbari bo‘lib ishlagan.
Diplomatik faoliyatida ham oshig‘i olchi bo‘lgan ustazoda san’atkor 2006 yildan 2024 yilgacha Ozarbayjonning Rossiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi o‘laroq Moskvada Rossiyaning mintaqalararo jamoat fondi tomonidan Rossiya va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasida tinchlikni saqlash, o‘zaro tushunish va do‘stlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun Muqaddas Knyaz Nevskiy mukofoti bilan taqdirlangan.
Gruziya poytaxti Tiblisining faxriy fuqarosi sanaluvchi xonanda 1988-2006 yillarda Ozarbayjonda Madaniyat vazirligini boshqargan.
2009 yilda o‘z vatanida “yil odami” bo‘lgan Bulbulo‘g‘li 2020 yilda Ozarbayjonning oliy ordeni – “Haydar Aliyev” mukofoti bilan taqdirlangan. Sovet estradasida zamonaviy ritmni yorqin milliy ohang bilan uyg‘unlashtirib, yangi bir yo‘nalish yaratgan Po‘lat 50 dan ortiq filmlarda ham suratga tushgan.
U oilali 3 nafar farzandi bor. 2021 yilda turmush o‘rtog‘i Bela Rudenko vafotidan keyin Gulnora Shixaliyeva bilan oila qurgan.
Ma’lumot uchun, bugunga qadar Po‘lat Bulbulo‘g‘li bilan bir qatorda Zaynab Xonlarova, Firudin Safarov, Nasiba Abdullayeva, Gulyanaq Mammadova, Farrux Zokirovlar O‘zbekiston va Ozarbayjon xalq artistlari bo‘lgan.
LiveBarchasi