Madaniyat sohasiga 1 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi
Jamiyat
−
09:49 1801 2 daqiqa
2030 yilga qadar madaniyat sohasiga 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va turizm sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishish chog‘ida ma’lum qilindi.
Avvalo, Samarqand shahrida 9 gektar maydonda yangi Ipak yo‘li muzeyini barpo etish rejasi ko‘rib chiqildi. Loyihaga ko‘ra, ushbu muzey ekspozitsiyasi arxeologiya, tasviriy san’at, amaliy san’at materiallarini qamrab olgan 6 mingdan ziyod noyob eksponatlarni birlashtiradi. Muzeyda doimiy va vaqtincha ko‘rgazmalar uchun ekspozitsiyalar, 160 o‘rinli auditoriya, bolalar akademiyasi, konservatsiya va tadqiqot markazi, katta hajmli saqlov xonalari ham tashkil qilinadi.
Taqdimotda aholini madaniyat muassasalariga keng jalb qilish, ularning mazmun-mohiyati va ish uslubini zamon talablari asosida yangilash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Shu munosabat bilan respublikadagi 839 ta madaniyat markazini bosqichma-bosqich transformatsiya qilish, binolarini zamonaviy qiyofaga keltirish, faoliyatiga xususiy sektorni jalb qilish, bu borada jozibadorlikni oshirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Umuman, 2030 yilga qadar madaniyat sohasiga 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilishi belgilandi.
Andijon yoshlar simfonik orkestri hamda «Tumor» raqs ansambli faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bildirilgan takliflar ma’qullandi.
Shu yil boshidan mamlakatga 3 millionga yaqin sayyoh kelib, o‘sish sur’ati 37 foizni, turizm xizmatlari eksporti esa 48 foiz o‘sib, 1,1 milliard dollarga yetgani qayd etildi. 2030 yilga qadar 20 million xorijiy sayyohni jalb qilish, 2026 yilda esa, 12 million turistga xizmat ko‘rsatish maqsad qilingan.
Endilikda har bir hududning o‘ziga xosligidan kelib chiqib, uning turistik salohiyatini oshirish bo‘yicha manzilli dasturlarni amalga oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu maqsadda hududlarda turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish va sohani loyihaviy boshqaruv asosida tashkil etish choralari ko‘rib chiqildi. Xususan, 2026-2027 yillarda hududlarda 31 ta master rejani amalga oshirishni boshlash 40 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish, joylashtirish vositalari sonini 8 ming 250 taga, turizm qishloqlari va mahallalarining umumiy sonini 84 taga olib chiqish rejalashtirilgan.
Taqdimotda respublika turizm salohiyatini xalqaro bozorda keng targ‘ib qilish bo‘yicha ham yangi yondashuvlar ko‘rib chiqildi.
Mutasaddilarga muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni puxta ishlab chiqish, ularni aniq hisob-kitob va rejalar asosida amalga oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Live
Barchasi