Oliy Majlis Dilnozaxon Kattaxonovani katta lavozimga tasdiqladi
Jamiyat
−
10 iyul 10331 2 daqiqa
Bugun, 10 iyul kuni Dilnozaxon Kattaxonova O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tegishli farmonni imzoladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimiga Dilnozaxon Kattaxanovaning nomzodini ko‘rib chiqqan va ma’qullagan.
Shundan so‘ng, Prezident farmoni bilan Dilnozaxon Sobir qizi Kattaxonova O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlangan va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgan.
Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi a’zolari, vazirlar lavozimga tayinlanishidan avval ularning nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Ma’lumot uchun, 1991 yil 2 iyulda Qo‘qon shahrida tavallud topgan Dilnozaxon Kattaxonova 2014 yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining bakalavriatini bitirgan. 2016-2017 yillarda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi Xalqaro aloqalarni rivojlantirish va nodavlat-notijorat tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi bosh mutaxassisi lavozimida ishlagan.
Dilnozaxon Kattaxonova 2017 yil 5 iyulda Yoshlar masalalari bo‘yicha Respublika kengashi yig‘ilishida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Markaziy Kengashi raisining o‘rinbosari etib saylangan. Shuningdek, 2018 yildan hozirgi vaqtga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining mustaqil tadqiqotchisi hisoblanadi.
2020 yil 10 iyul kuni yangi tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining direktor o‘rinbosari etib tayinlangan Kattaxonova 2023 yil 20 dekabr kunidan boshlab Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Bahriddinovna Mahkamova lavozimidan ozod etilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiToshkentdagi uyga o‘t ketdi
14 iyul