Deputatlarni populistik chiqishlar yoki blogerlar bilan olishish uchun saylamaganmiz — Allamjonov
Jamiyat
−
02 iyun 2021
6427Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov deputatlar masalasida fikr bildirib, ularga “hal qilish uchun arzigulik biron masala topilmay qolsa, ikki yil oldingi saylov dasturini monitoring qilib chiqishni” maslahat berdi.
“Deputatlarimiz xalq manfaatiga xizmatchi ekanliklarini unutmasin. Biz ularga shu maqsadda ovoz berganmiz, populistik chiqishlar yoki blogerlar bilan olishish uchun emas. Xalq sizga ishonib sayladimi, ishonchni oqlang. Mabodo, hal qilish uchun arzigulik biron masala topilmay qolsa, ikki yil oldingi saylov dasturingizni bir monitoring qilib chiqing. Aniq ishonamanki, hamma va’dalaringizni ham bajarib qo‘ymadingiz. Elektoratingiz va matbuotning qadriga yeting, agar qadri bo‘lsa, albatta”, deb yozadi Allamjonov.
Shuningdek, u ayni vaqtda muhokama markazida bo‘lib turgan yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonundan bolalar uchun mo‘ljallangan ko‘rsatuvlarda reklama berish bilan bog‘liq bo‘lgan taqiqni (17-modda) olib tashlashlarini, ushbu qonunning yangi loyihasidagi 42-moddani ham qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan.
“Ushbu moddalardagi taqiqlar tufayli bolalarga tegishli kontent tayyorlash faoliyati rivojlanmayapti. Chunki studiya va telekanallarga bu yo‘nalish daromad keltirmaydi. Natijada, bizda multseriallar, tarbiyaviy yoki bilim beruvchi bolalar ko‘rsatuvlari deyarli yaratilmaydi. Borlari ham davlat tomonidan ajratilayotgan arzimagan mablag‘ evaziga paydo bo‘lmoqda. Oddiy so‘z bilan aytganda, media-biznes uchun bolalar yo‘nalishi o‘zini oqlamaydigan yo‘nalish hisoblanadi.
Albatta, hozir kimdir darrov og‘zini ko‘pirtirib, farzandlarimizga reklama salbiy ta’sir o‘tkazadi, bu taqiqlar to‘g‘ri, deb fikr bildirishi mumkin. Lekin mening fikrimcha, erkin bozor ishiga turli bo‘lar-bo‘lmas, ensa qotirar vajlar bilan aralashuvlarni bas qilish kerak. Bozorning o‘zi hammasini o‘z iziga solib qo‘yadi.
Yetar, bolalarimizni faqat “Karusel”, “Disney” kanallari yoki bo‘lmasa, “Masha i medved”, “Fiksiki” kabi chet el mahsulotlari bilan katta qilayotganimiz. Mahalliy mahsulotlarimiz, o‘z ertak qahramonlarimizni yaratish zarur. Shu paytgacha bir tuzuk bolalar kitobi, ertaklar, bolalarbop loyihalar deyarli yo‘q. Hammasi ana shunday mantiqsiz turli taqiqlar tufayli rivojlanmaydi. Bola reklama ko‘rmasin degan bilan, barcha xorijiy kanallar yoki YouTube’dagi barcha bolalarbop ko‘rsatuvlarda reklama bor. Reklama bu har qanday sifatli media mahsulotlarning lokomotivi hisoblanadi. Shuni unutmanglar, hurmatli deputatlar!” deb yozgan Mass-media fondi raisi.
Eslatib o‘tamiz, Komil Allamjonov mazkur qonun qabul qilinganiga munosabat bildirib, uni matbuotga jiddiy moliyaviy zarar keltirishi mumkin bo‘lgan hujjat deb baholagandi.
Keyinchalik ushbu qonun loyihasi bo‘yicha “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tgandi.
Shundan so‘ng, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi ushbu holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
LiveBarchasi