Davosdagi forum qatnashchilari Ukrainadagi urushni diplomatik yo‘l bilan to‘xtatishga chaqirdi – NYT
Olam
−
17 yanvar
4031Shveysariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumida Yevropa va jahon siyosatchilari hamda yirik biznes vakillari Kiyev hal qiluvchi pallada tashqi moliyaviy yordamni boy berayotganidan xavotir bildirdi. Biroq ular ham ochiqchasiga, ham sahna ortida urushni diplomatik yo‘l bilan tugatishga chaqirdi. Bu haqda “The New York Times” gazetasi xabar berdi.
Nashrning ta’kidlashicha, bu hafta Davosda Ukrainadagi urush mavzusi "sezilarli, ammo dominant emas". Forumda Ukrainaga bag‘ishlangan ikki voqea – Ukraina mineral zaxiralarining Yevropaning qayta tiklanadigan energiyaga o‘tishidagi ahamiyati va urushda Ukraina uchun kurashgan to‘rt ayolning nutqi diqqat markazida bo‘lgan.
Bundan tashqari, kecha, 16 yanvar kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Davos forumida nutq so‘zladi. U Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni muzlatish g‘oyasini rad etib, Vladimir Putinni "muzlatilgan ovqat bilan qanoatlanmaydigan yirtqich" deb atadi.
"Urush muzlatish bilan tugamaydi. 2014 yildan keyin Donbassda urushni to‘xtatishga urinishlar bo‘ldi, nufuzli kafillar bor edi", deb eslaydi Zelenskiy.
Ukraina Prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak ham Davosdagi matbuot anjumanida Ukrainaga muzlatilgan mojarolar emas, balki adolatli dunyo kerak ekanini aytgan.
Bungacha, 15 yanvar kuni forumda Zelenskiy tomonidan 2022 yil noyabrida taqdim etilgan “tinchlik formulasi” muhokama qilingan. Unga Rossiya qo‘shinlarini Ukrainaning xalqaro tan olingan hududidan to‘liq olib chiqib ketish, harbiy jinoyatchilarni jazolash va Ukrainaga yetkazilgan zarar uchun tovon to‘lash kiradi. Shu kuni Shveysariyada Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha konferensiya Rossiya ishtirokisiz o‘tkazilishi ma’lum bo‘ldi. Shveysariya Tashqi ishlar vaziri Inyatsio Kassis esa Rossiyaning muzokaralarga qo‘shilishi tarafdori ekanini bildirib, busiz tinchlik bo‘lmasligini aytgan.
O‘z navbatida, Prezident Vladimir Putin kecha, 16 yanvar kuni Rossiya Federatsiyasi “so‘nggi bir yarim yil ichida Ukrainada qo‘lga kiritgan yutuqlaridan voz kechmasligini” ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi 19 yanvarga qadar davom etadi.
LiveBarchasi