Ukraina tashabbuslari global tus olmoqda – Zelenskiy
Olam
−
15 yanvar
13105Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 14 yanvar kuni Shveysariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tgan Tinchlik formulasi bo‘yicha davlat rahbarlari maslahatchilarining uchrashuvi Kiyev tashabbuslari asta-sekin global tus olayotganini tasdiqlashini aytdi. Bu haqda u o‘zining kunlik videomurojaatida so‘z ochdi.
“Bugungi kunda yig‘ilishda 80 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda. Nafaqat Yevropa va Shimoliy Amerikadagi odatiy hamkorlarimiz, balki Lotin Amerikasi, Afrika, Osiyo va Okeaniya davlatlari ham. Men bu ishimizda ishtirok etayotgan har bir rahbar va har bir davlatdan minnatdorman. O‘z ishtiroki bilan ular yer yuzida qoidalarga asoslangan dunyo tartibini istisnosiz tiklash zarurligini tasdiqlaydi”, deydi Zelenskiy.
Ukraina Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, “Rossiya rahbariyati” o‘zlarini zo‘ravonlik, terror, yolg‘on va shafqatsizlik orqali qandaydir yirtqich dunyo tartibini o‘rnatishga qodir, deb o‘ylaydi.
“Aynan mana shu qotillarning ishonchini biz hozir birgalikda kamaytirmoqdamiz. Bugun Shveysariyadagi uchrashuv Malta, Saudiya Arabistoni va Daniyadagi uchrashuvda bo‘lib o‘tgan ishlarni davom ettirmoqda. Men bo‘lib o‘tgan munozaralar bo‘yicha jamoamizdan, Ukraina jamoasidan batafsil hisobotni kutaman”, deydi u.
Shuningdek, Zelenskiy Ruminiya bilan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha muzokaralar boshlanganini qayd etgan.
“Bugun Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Ruminiya bilan muzokaralar boshlandi. Allaqachon ushbu to‘qqizinchi davlat bilan bunday ikki tomonlama ishlar olib borilmoqda. Bu G7 davlatlari plyus Niderlandiya, plyus Ruminiya, va yana ko‘plab davlatlar bo‘ladi”, deya ta’kidlaydi Prezident.
Ma’lumot uchun, bugun, 15 yanvar kuni Zelenskiy Shveysariya Konfederatsiyasi Prezidenti Viola Amherd bilan uchrashish uchun Bernga boradi.
Eslatib o‘tamiz, 12 yanvar kuni Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak Kiyevga tashrifi davomida Prezident Vladimir Zelenskiy bilan Ukraina NATOga a’zo bo‘lgunga qadar amalda bo‘ladigan xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi kelishuvni imzolagandi.
LiveBarchasi