Davlat byudjeti xalqniki emas, degan mansabdorga hayfsan berildi
Jamiyat
−
05 iyul
15811Avvalroq, Qashqadaryo viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Nuriyev davlat xizmatchilarining faoliyati muhokama qilinishiga qarshi ekanini bildirgandi.Mazkur holat ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgach, Adliya vazirining o‘rinbosari Alisher Karimov boshqarma boshlig‘ining faoliyati o‘rganilib, huquqiy baho berilishini aytgandi. Endilikda Salohiddin Nuriyevga intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi xabar berdi.
Aniqlanishicha, matbuot anjumanining savol-javob qismida bloger davlat xizmatchilari o‘z xizmat faoliyati davomida ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlari va tashkilotlari hamda mansabdor shaxslar faoliyatini muhokama qilmasligi bo‘yicha savol bergan. Viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i ushbu savolga javob berishda “davlat xizmatchilarini ijtimoiy tarmoqda muhokama qilish noto‘g‘ri” degan fikrni keltirib o‘tgan. Shuningdek, savol-javob asnosida “xalq puli” va “davlat puli” kabi tushunchalar haqida fikrlarini aytgan.
Bunda Salohiddin Nuriyev “xalq puli” degan tushunchani qonunchilik termini nuqtai nazaridan bayon etganligini ta’kidladi. Bundan tashqari, qonunchilikda taqiqlanmagan bo‘lsa-da, “davlat xizmatchilarini muhokama qilish noto‘g‘ri” degan fikrni ham keltirib o‘tgani tasdiqlandi.
Salohiddin Nuriyev o‘z tushuntirishida mazkur fikrni Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 oktyabrdagi 595-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalaridan kelib chiqib bayon etganini bildirgan.
O‘rganish yakuniga ko‘ra, boshqarma boshlig‘i yuqoridagi fikrlarini jamoatchilikka yetkazishda qonunchilikka tayanmagani, asosli va tahliliy yondashmagani, ayrim o‘rinlarda shaxsiy qarashlaridan kelib chiqib tushuntirish berganligi aniqlandi.
“Shu bilan birga, viloyat Adliya boshqarmasi mazkur matbuot anjumanidagi videoparcha tarqab ketgandan keyin bayonot bermasdan, natijada jamoatchilik munosabatini o‘zgartirish, uni yumshatish choralarini ko‘rishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, matbuot anjumanini o‘tkazishda vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalarni tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalariga zid ravishda tadbir yetarli tayyorgarlik ko‘rilmasdan tashkil qilingan, reglament buzilgan, tadbir moderatsiya qilinmagan, uni to‘liq yozib olishning texnik choralari ko‘rilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Qashqadaryo viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Nuriyevga nisbatan mehnat qonunchiligiga muvofiq hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llandi. Shuningdek, adliya tizimida bunday xatoliklar takrorlanmasligi uchun zarur chora-tadbirlar belgilab olingani ma’lum qilindi.
LiveBarchasi
26 noyabr