“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunda qanday o‘zgarishlar bo‘lyapti?
Jamiyat
−
19 noyabr 2022
8335Bugun, 19 noyabr kuni Senatning o‘ttiz beshinchi yalpi majlisida “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi Qonun ko‘rib chiqildi va senatorlar tomonidan ma’qullandi. Quyida asosiy o‘zgarishlarga e’tiboringizni qaratamiz.
Majlisda ta’kidlanishicha, Qonun insonlarga yengillik yaratish maqsadida notarial harakatlarni amalga oshirish jarayonlarini tubdan soddalashtirish, davlat bojidan ozod qilish, davlat bojini undirishning o‘ziga xos xususiyatlariga aniqlik kiritishga qaratilgan.
Jumladan, Qonun bilan vafot etgan fuqaroning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minotiga nisbatan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnomani berishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinishi belgilangan bo‘lib, bu borada yuzaga kelayotgan muammolar hal etilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun undiriladigan to‘lovlar miqdorini fuqarolar uchun tushunarli tarzda bayon etilishini hamda shaffofligini ta’minlash maqsadida davlat boji stavkalari optimallashtirilgan.
Qonunga asosan mol-mulkni ijaraga berish shartnomasini tasdiqlaganlik yoki unga o‘zgartirishlar kiritganlik uchun belgilangan davlat boji miqdorlari ikki barobarga kamaytirilgan.
Garov, ipoteka va lizing shartnomalarini, qarz shartnomalarini hamda avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun tabaqalashgan davlat boji stavkalari birxillashtirilib, yagona stavka miqdorida belgilangan.
Qonun bilan avtomototransport vositalarini boshqarishga va tasarruf qilishga oid ishonchnomalar, shuningdek, avtomototransport vositalaridan tekin foydalanish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun qarindoshligi bo‘lmagan boshqa shaxslardan undiriladigan davlat boji miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 3 barobaridan 2 barobariga kamaytirilgan.
Bundan tashqari, fuqarolar o‘rtasida qarz shartnomasini tuzishda va ijro etishda ehtimoliy nizolarning oldining olish, sudlardagi ish yuklamasini kamaytirish maqsadida, Qonun bilan chet el valyutasida ushbu turdagi shartnomalarni notarial tartibda rasmiylashtirishda davlat boji miqdorini ikki baravarga kamaytirish nazarda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, Avvalroq, Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov qonunga kiritilayotgan o‘zgarishlar sabab, qariyb 100 milliard so‘m aholining cho‘ntagida qolishini aytgan edi.
LiveBarchasi