Davlat bojidagi o‘zgarishlar natijasida aholining 100 mlrd so‘m mablag‘i tejaladi – Moliya vaziri o‘rinbosari
Jamiyat
−
19 noyabr 2022
6156Endilikda davlat bojlari stavkalarining ayrimlari bekor qilinadi yoki kamaytiriladi. Bu bugun, 19 noyabr kuni Senatning o‘ttiz beshinchi yalpi majlisida qayd etildi. Senatorlar tomonidan “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish ma’qullandi.
Xususan fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minotiga nisbatan, merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnomani rasmiylashtirishda davlat bojini to‘lash bekor qilinmoqda. “Buning davlat byudjetiga ko‘rsatadigan ta’siri qanday?” Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyev Moliya vaziri o‘rinbosariga ayni shu savol bilan yuzlanar ekan, bu jarayon tahlilini so‘radi.
Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonovga ko‘ra, bo‘layotgan o‘zgarishlar sabab moliyaviy operatsiyalar soni oshadi hamda qariyb 100 milliard so‘m mablag‘ aholining “cho‘ntagi”da qoladi.
“Biz bu ishni boshlaganimizda dastlabki hisob-kitoblarni qilganmiz. Ayrim davlat bojlari stavkalarini pasaytirish, ayrimlarini bekor qilish hamda optimallashtirish – bu, avvalo, ma’murchilikni yengillashtiradi. Sababi bitta operatsiya bo‘yicha bitta stavka, bitta boj belgilangan bo‘ladi. Uni kvadratiga yoki ot kuchiga bog‘lash kerak bo‘lmaydi. Ikkinchidan buni kamaytirganimizdan so‘ng operatsiyalar soni oshadi. Oldin buni ishonchnoma bilan rasmiylashtirib yurganlar, endi oldi-sotdiga o‘tadi va hokazo. Shu orqali biz yo‘qotishlarni qoplaymiz. Qilgan dastlabki hisob-kitoblarimizga ko‘ra qariyb 100 milliard pul aholining cho‘ntagida qoladi”, deydi Moliya vaziri o‘rinbosari.
LiveBarchasi