Siyosiy partiya vakili Toshkentda o‘tgan pivo festivalini qoraladi
Jamiyat
−
21 iyul 19302 3 daqiqa
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjonova joriy yilning 27-29 iyun kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan pivo festivali haqida tanqidiy fikr bildirdi. Bu haqda partiya raisi o‘rinbosari o‘zining Facebook'dagi sahifasida yozib qoldirdi.
Muhammedjonovaga ko‘ra, pivo festivaliga o‘zbek OAVlari umuman munosabat bildirmagan, lekin rus OAVlarida ushbu tadbir faol ravishda yoritilgan.
“Joriy yilning 27-29 iyun kunlari Toshkent shahrida pivo festivali bo‘lib o‘tdi. Maydon odamlar bilan gavjum bo‘ldi. Ishtirokchilarning aksariyati yoshlar. Rusiyzabon OAVda bu mavzu zo‘r yoritildi. O‘zbekzabon OAV, ziyolilar bilan birga jim. Toshkentning narigi tomonida esa Islom sivilizatsiya markazi qad rostlayapti...”, deya yozgan Milliy tiklanish demokratik partiyasi raisi o‘rinbosari.
Uning qo‘shimcha qilishicha, pivo festivali O‘zbekistonda birinchi marta o‘tayotgani yo‘q hamda bu tadbirni o‘tkazish an’anaga aylanib bormoqda.
“O‘zbek jamiyatida ham spirtli ichimliklar festivallari ochiqchasiga, ommaviy shovqin va reklama bilan o‘tkazilyapti”, degan Muhammedjonova.
Partiya raisi o‘rinbosari, shuningdek, ushbu festivalni kim o‘tkazgani, unga kim ruxsat berganiga qiziqqan.
“Hech bir zamonaviy shahar o‘z o‘zligini toptab rivojlanmaydi. 1886 yilda Toshkentning yangi shahar tomonida xalqni tub aholisini izdan chiqarish uchun ataylab “Piyon bozori” mayxonalar ochilganidan xabarimiz bor. Chorizmni tushunsa bo‘ladi. Bugunchi? Bugun bu tadbirni kim va nimaga qo‘llab-quvvatlamoqda?” deya savol qo‘ygan Feruza Muhammedjonova.
Qolaversa, u daraxtlarni kesish mavzusiga ham to‘xtalib o‘tgan.
“Demak bugun bahs ochilgan masala bu faqat daraxt masalasi emas.. Bu – insonning o‘z hayoti, kelajagiga bog‘liq masala. Agar bir yog‘och uchun jamiyat shunday faol qo‘zg‘olsa, demak, bu jamiyatdan katta umid kutish mumkin. Negaki, musulmon odamning qalbiga “Qiyomat qoim bo‘layotganini ko‘rsang ham, qo‘lingda bir daraxt niholi bo‘lsa, uni ekib ulgur”, degan o‘git muhrlangan. Biroq bu borada ham ikki xil standart borga o‘xshaydi: daraxt kesishga isyon, pivo festivaliga sukunat!!!” degan “Milliy tiklanish” partiyasi a’zosi.
O‘z postining so‘ngida Muhammedjonova Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirovning ham fukrlarini keltirib o‘tgan.
“Daraxtni qanday himoya qilsak, o‘zligimizga daxldor masalada ham shunday sobit bo‘laylik. Zero, daraxtni boshini baribir qurt yeydi. Alisher Qodirovning “Daraxtni himoyasiga birlashgandek suv, yer, energoresurslar, oziq-ovqat va vaqt, qolaversa o‘zligimizni isrofiga qarshi ham birlasha olsak edi!” degan fikrlariga qo‘shilaman”, degan partiya raisining o‘rinbosari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Alisher Qodirov “daraxt kesilmasin, degani, mutlaqo kesilmasin emas, zarur bo‘lsa kesilishi mumkin”, degan fikrlarni ilgari surgandi.
Live
Barchasi